UzAuto Motors’ga nisbatan ish qo‘zg‘atildi

3-sahifa

image

UzAuto Motors AJ zavodida ishlab chiqarilgan Gentra sotilganiga 5 oy ham bo‘lmasdan nosozligi tufayli yonib ketgan. Ushbu holat yuzasidan UzAuto Motors va uning dileriga avtomobil yetkazib berish sohasidagi qonunbuzilish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Raqobat qo‘mitasiga Qoraqalpog‘iston Respublikasidan fuqaro A. D.ga o‘ziga tegishli 2023 yilda UzAuto Motors AJ tomonidan ishlab chiqarilgan “Lacetti L-Stayle MT” rusumli avtomobil olinganiga 5 oy ham bo‘lmasdan yonib ketganini, lekin ishlab chiqaruvchi tomonidan ushbu holat o‘z vaqtida bartaraf etilmayotgani yuzasidan murojaat qilgan.

Ushbu murojaat Qo‘mita tomonidan ko‘rib chiqilgan va holat tasdiqlangan, shuningdek, aynan shu markali (modelli, artikuli) avtomobilda yong‘in chiqish holati Navoiy viloyatida ham kuzatilgani aniqlangan.

Qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 14 va 20-moddalari talablari buzilish alomatlari bo‘yicha UzAuto Motors AJ va “PSM-AVTOSAVDO” MCHJlarga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilgan.

Bildirilishicha, qo‘mita tomonidan ushbu holat (avtomobilda yong‘in chiqishi) inson hayoti va uning sog‘lig‘iga jiddiy ziyon yetkazishi kabi holatlarni inobatga olgan holda, yuqorida qayd etilgan avtomobil bilan bir vaqtda ishlab chiqarilgan 37 ta aynan shu markali (modelli, artikuli) avtomobillarni 10 kunlik muddatda chaqirtirib olinib, texnik ko‘rikdan o‘tkazish yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berilgan.

Shuningdek, murojaat qilgan fuqaroga ayni shunday markali yangi avtomobil almashtirib berilgan hamda iste’molchi talab qo‘ygan vaqtdan boshlab o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun avtomobil bahosining bir foizi miqdorida penya to‘lashi to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq UzAuto Motors AJning 1,3 milliard so‘mlik davlat xaridida ishtirok etgan tadbirkorlik sub’ektlarining rahbar va ta’sischilari yaqin qarindosh ekanligi aniqlangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Gentra qonunbuzilish UzAuto Motors AJ

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing