“Devorning bir qismi sinib, qiz pastga tushib ketdi”. Olmaliqdagi voqea qanday sodir bo‘ldi?

3-sahifa

Kecha, 4 iyun kuni Olmaliq shahrida 16 qavatli binoning tomidan 19 yoshli qiz o‘zini tashlagani haqida xabarlar tarqaldi. Voqeani o‘rganish maqsadida QALAMPIR.UZ tezkor jamoasi voqea joyiga yetib bordi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, voqea kecha, 4 iyun kuni soat 16:00 lar atrofida Olmaliq shahar "Uvaysiy" MFYdagi 45-ko‘p qavatli uyda sodir bo‘lgan. 19 yoshli qiz o‘zini shu uyning tomidan tashlab, joniga qasd qilgan. Aslida u bu ko‘p qavatli uydan taxminan 4 km uzoqlikdagi Abu Ali Ibn Sino mahallasida istiqomat qilgan.  

Voqea joyi ko‘zdan kechirilganda ko‘p qavatli uyning 16-qavati tomga chiqish eshigining qulfi buzilgani aniqlangan. Berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, shu vaqtgacha bu eshik doim yopiq turgan. Eshikni kim, nima maqsadda ochgani esa noma’lum.

Shu uyda yashagan va voqeaga guvoh bo‘lganlar holat qanday sodir bo‘lgani haqida gapirishni istamadi. Lekin Olmaliq shahar mahalla uyushmasi rahbari Ulug‘bek Ro‘zimbetovning QALAMPIR.UZ'ga aytishicha, qizning o‘z joniga qasd qilishi ortidan turli gap-so‘zlar bolalagan. 19 yoshli marhumaning o‘limi sabablari o‘rganilayotgan bir vaqtda, uni homilador ekanini aytib gap tarqatayotganlar ham bor.

“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda qizni homilador ekani aytildi. Bu bo‘lmagan gap. U qiz hali turmushga chiqmagan va ekspertiza uning homilador ekanini aytmadi. Hali u nima sababdan o‘z joniga qasd qilgani yoki boshqa sabablar ochiqlangani yo‘q. Videoni tarmoqda tarqatib, qizning nomini qora qilishyapti va bu noto‘g‘ri”, deydi Olmaliq shahar mahalla uyushmasi rahbari Ulug‘bek Ro‘zimbetov. 

Ro‘zimbetov mahalliy aholidan turli taxminlar qilmaslikni so‘rab, marhumaning sha’nini bulg‘ashga uringan ayol qidirilayotganini aytdi. 

Voqeaga ko‘zi bilan guvoh bo‘lgan, marhuma ko‘p qavatli uyning tepasida turgan vaqtida u bilan gaplashgan “Uvaysiy” MFY raisining aytishicha, u bir necha marotaba qizdan bu ishni qilmasligini so‘ragan. 

“Men idorada edim. FVV xodimlari qo‘ng‘iroq qilib holatni aytishdi. Tezlik bilan voqea joyiga yetib bordim. Uyning tomiga chiqqanimda qiz tom chetida turgandi. Unga nima uchun bu ishni qilmoqchi ekani, nima muammosi borligini aytib, orqaga tushishini iltimos qildim. Qiz hech narsa demadi. Faqatgina yaqinlashmasligimizni so‘radi. Oradan besh daqiqa o‘tar-o‘tmas, qizning oyog‘ini tagidagi devorning bir qismi sinib, qiz pastga tushib ketdi. Mening ko‘rganim shu”, deydi mahalla raisi. 

QALAMPIR.UZ tezkor jamoasi voqea sabablarini o‘rganish maqsadida qiz istiqomat qilgan Abu Ali Ibn Sino mahallasiga bordi. Marhumaning oila a’zolari va uni tanigan yaqinlari bu holatga izoh berishni istashmadi. Marhuma va uning oilasini uzoq yillardan buyon taniydigan va bu oila haqida yaxshi biladigan “Abu Ali Ibn Sino” MFY raisi Baxtiyor Ortiqovning aytishicha, qiz xususiy universitet talabasi bo‘lgan va shu vaqtgacha uning ortidan yomon gap eshitmagan. 

“Qizning oilasi juda yaxshi, namunali oilalardan biri. Ota-onasi ishlaydi. O‘zi xususiy universitetda talaba edi. O‘zi ham judayam yaxshi qiz edi. Shu vaqtgacha oilada biror janjal sodir bo‘lganini eshitmagandik. Onasi ham o‘zlari yashaydigan uyda “dom kom” edi. To‘g‘risi, nega bunaqa bo‘lganiga hayronmiz”, deydi mahalla raisi. 

Olmaliq shahar prokurori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Jamshid Ergashevning ma’lum qilishicha, ayni vaqtda holat yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Ta’kidlanishicha, hozirda qizning o‘z joniga qasd qilish sabablarini aniqlash maqsadida Olmaliq shahar prokuraturasi tomonidan tergovga kadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Voqeaning to‘liq tafsilotini QALAMPIR.UZ'da kuzatib boring.


Maqola muallifi

Teglar

Olmaliq Suikasd

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing