O‘z binosida namozxona tashkil etgan MCHJ rahbari 21 600 000 jarimaga tortildi. Oliy sud holatga rasmiy izoh berdi
Jamiyat
−
24 fevral 2022
33406Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 14 fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumani sudida O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 201-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan Farxod Raxmonov ustidan tuman sudi raisi A.Jalilov raisligida ko‘rilgan sud majlisi qarori katta muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Sud qarorida qayd etilishicha, “GTA Showroom” MCHJ rahbari F.O.Raxmonov (22.04.1987 yilda Navoiy viloyatida tug‘ilgan, millat o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti oliy, “GTA Showroom” MCHJ rahbari, oilali, uch nafar farzandi bor, muqaddam ma’muriy javobgarlikka tortilgan, Toshkent shahar, Chilonzor tumani, 7-mavze, 3-uy, 2-xonadonda yashovchi) 12 yanvar kuni Toshkent shahar Yakkasaroy tumani, Qushbegi mavzesi, KHAY ko‘chasi “GTA Showroom” MCHJ binosi hududidagi joylashgan xonalarda o‘z ishchi xodimlariga hamda MCHJga kelgan mijozlarga namoz amallarini ado etish uchun sharoitlar yaratib berganligi aniqlangan.
Sud majlisida F.O.Raxmonov o‘ziga tegishli “GTA Showroom” MCHJ hududida namoz amallarini bajarish uchun sharoitlar yaratib berganligini, uni yomon niyati bo‘lmaganligini, u shunchaki o‘z ishchilariga o‘z namozlarini o‘qishi uchun sharoit yaratganligini, qilgan ishidan pushaymonligini bildirib, unga nisbatan yengillik berishini so‘rab ko‘rsatuv bergan.
Sud qaroriga ko‘ra, F.O.Raxmonov o‘zining ushbu harakatlari bilan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 201-moddasi 2-qismida ko‘rsatilgan ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir qilgan deb topilgan va unga bazaviy hisoblash miqdorining 80 (sakson) baravari miqdorida, ya’ni 21.600.000 so‘m jarima jazosi tayinlangan.
Jamoatchilik orasida ko‘plab tanqidlarni va savollarni keltirib chiqarayotgan ushbu holat bo‘yicha Oliy sud Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i Aziz Obidov Telegram’dagi rasmiy kanali orqali axborot berdi. Unda shunday deyiladi:
"Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudining 2022 yil 14 fevraldagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 201-moddasi (yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish) 2-qismi (diniy yig‘ilishlar, ko‘cha yurishlari va boshqa diniy marosimlar o‘tkazish qoidalarini buzish) da nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan, deb topilgan F. Rahmonov (1987 yilda Navoiy viloyatida tug‘ilgan, “GTA Showroom” MCHJ rahbari) ga bazaviy hisoblash miqdorining 80 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda muhokama va tortishuvlarga sabab bo‘layotgan mazkur sud qarorining qonuniyligiga yuqori instansiya sudi tomonidan huquqiy baho berilishini eslatib o‘tamiz.
Ma’lumot uchun:
"Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan o‘ziga nisbatan sudning qarori chiqarilgan shaxs, jabrlanuvchi, ularning qonuniy vakillari, advokat, shuningdek ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzgan organ birinchi instansiya sudining qarori ustidan apellyatsiya shikoyati berishga, prokuror esa protest keltirishga haqli.
Birinchi instansiya sudining ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha qarori ustidan apellyatsiya shikoyati (protesti) qaror o‘qib eshittirilgan kundan e’tiboran yigirma sutka ichida, o‘ziga nisbatan sud qarori chiqarilgan shaxs va jabrlanuvchi tomonidan esa, qarorning ko‘chirma nusxalari ularga topshirilgan yoki ular tomonidan ushbu ko‘chirma nusxalar olingan kundan e’tiboran xuddi shu muddatda berilishi mumkin.
Apellyatsiya shikoyati (protesti) apellyatsiya instansiyasi sudining nomiga yo‘llanadi, lekin ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan qarorni chiqargan sudga beriladi."
(O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 324-1 va 324-3-moddalari)"
LiveBarchasi