Uyg‘oning! Shahrisabz tarixiy markazi UNESCO ro‘yxatidan chiqib ketishi mumkin

Jamiyat

image

Shahrisabz shahri tarixiy markazi UNESCO’ning moddiy madaniy meroslar ro‘yxatidan chiqib ketish xavfi ostida. Agar kelasi yilgacha UNESCO umumjahon merosi qo‘mitasi tomonidan berilgan tavsiyalar hayotga tadbiq etilmasa, qo‘mitaning 45-yig‘ilishida ushbu masala jiddiy muhokama qilinishi mumkin. Bu haqda Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev bugun, 20 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining 9-yalpi majlisida ma’lum qildi. 

“Qashqadaryoda 1468 ta moddiy madaniy meros ob’ektlari mavjud. Hammamizga yaxshi ma’lumki, Shahrisabz tarixiy markazi umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan va xabaringiz bor, u yerda UNESCO bilan kelishilmagan holda qilingan noqonuniy ishlar sabab ushbu shahar UNESCO’ning ro‘yxatidan chiqib ketish xavfida turibdi. Shahrisabz tarixiy markazini umumjahon merosi ro‘yxatida saqlab qolish uchun UNESCO umumjahon merosi qo‘mitasi bergan tavsiyalar hali to‘liq bajarilgani yo‘q. Agar bu holatda ketadigan bo‘lsak, kelasi yil umumjahon merosi qo‘mitasiningsh 45-yig‘ilishi bo‘ladi va unda bu masalada juda jiddiy tahlil qilinadi. Ular bizga ikki yil muddat bergandi”, deydi senator.   

Sayfullayevga ko‘ra, Buxoroda sayyohlarni jalb qilib kelgan Abdulazizxon jome masjidi va Ko‘kaldosh madrasasi ham eroziyaga uchrab, juda nochor ahvolga kelib qolgan. 

Senat qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayevdan keyin so‘z olgan senator Abdurahim Irkayevga ko‘ra, bugun Qashqadaryodagi arxeologik tepaliklardagi tuproqlardan g‘isht zavodlarining foydalanishi oqibatida yetkazilgan zarar 22 milliard so‘m deb baholangan. 

Uning qayd etishicha, madaniy meroslar muhofazasi, ayniqsa, arxeologik ob’ektlarda uzoq yillardan buyon mutlaqo qoniqarsiz ahvolda. Miloddan avvalgi va milloddan keyingi, 1,5-2 ming yillik tepaliklar muhofazaga olingan bo‘lsa-da, ushbu hududlarda qurilish ishlari olib borilmoqda, buning oqibatida tarixiy yodgorliklarga zavol yetmoqda. 

“1,5-2 ming yillik tepaliklarimizning muhofaza zonasi hududida qurilishlar bo‘lyapti, ba’zilarini g‘isht zavodlar ishlatib yuboryapti. Shahrisabz shahridagi Boyota arxeologik tepaligi tuproq ishlari olib borilgani natijasida anchagina zarar ko‘rgan. Zararni taxminan 1,5 millird so‘m deb hisoblashyapti. Yakkabog‘ tumanida joylashgan miloddan avvalgi III asrga oid Sariqtepa arxeologik yodgorliklari va Chiroqchi tumanidagi 2 gektar maydonga ega Sariqtepa I arxeologik yodgorliklarida juda katta tuproq ishlari olib borilgan. Natijada keltirilgan zarar 22 milliard bo‘lgan. Albatta, u yerdan qancha tuproq olinganini hech kim taroziga o‘lchab, hisoblagani yo‘q”, deydi senator Irkayev. 

Uning ta’kidlashicha, Shahrisabz shahrida moddiy madaniy meros ob’ektlari hududlarida jami 77 ta noqonuniy uy-joy qurib olingan. Yakkabog‘ tumanida esa bunday qurilmalar 17 ta. U ham so‘zida davom etarkan, ahvol shu zaylda davom etsa, Shahrisabz tarixiy markazi UNESCO’ning ro‘yxatidan chiqib ketishi mumkinligini kuyunib tilga oldi.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan tasdiqlangan 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 221-bandida Moddiy madaniy meros ob’ektlari va UNESCO Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlar muhofazasini kuchaytirish belgilab qo‘yilgan. 

Unda amalga oshirish mexanizmi sifatida:

•    Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqilishi, “Buxoro”, “Samarqand”, “Ichan qal’a”, “Sarmishsoy”, “Shahrisabz”, “Termiz” va “Qo‘qon” davlat muzey-qo‘riqxonalari, jumladan Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlar va ularning qo‘riqlanadigan tegralari chegarasini belgilash;

•    xodimlarga xizmat qilgan umumiy ish staji, ilmiy unvon va darajaga ega bo‘lgani uchun ustamalar belgilash;

•    davlat nazorati funksiyasini ta’minlash maqsadida moddiy-texnik bazasini yaxshilash, zamonaviy texnika va uskunalar bilan ta’minlash;

•    mutaxassisligi bo‘yicha xodimlarni xorijda malakasini oshirish;

•    restavrator ustalar malakasini oshirish va ularga malaka sertifikatini berish tizimini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

Shahrisabz UNESCO

Baholaganlar

152

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing