Mirziyoyev UNESCO bosh direktori bilan uchrashdi
Jamiyat
−
12 mart
1587O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 12 mart kuni Fransiyaga davlat tashrifi doirasida BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (UNESCO) bosh direktori Odri Azuleni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, BMT tizimidagi ushbu nufuzli tuzilma bilan samarali hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari, shuningdek, joriy yilning kuzida Samarqand shahrida tashkilot Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning amaliy jihatlari muhokama qilingan.
“Ko‘p qirrali sheriklik bugungi kunda yuksak darajada ekani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zbekiston tashabbusi bilan axborotdan foydalanish va bolalar ta’limi masalalari bo‘yicha rezolyutsiyalar qabul qilindi.
Mamlakatimiz Madaniy boyliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro markazga a’zo bo‘ldi. Buxoro "Kreativ shaharlar tarmog‘i"ga qo‘shildi. Samarqanddagi Ipak yo‘li universitetida UNESCO kafedrasi ochildi. O‘tgan yili ta’lim, madaniyat, raqamli va innovatsion texnologiyalar sohalarida 7 ta yangi loyihani amalga oshirish boshlandi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Turon cho‘llari va Zarafshon-Qoraqum yo‘lagi, ipakchilik, kulolchilik, rubob chalish va iftorlik an’analari, "Buxoro amiri devonxonasi arxivi", "Turkiston albomi", "Xudoybergan Devonov fotoalbomi" UNESCO'ning maxsus ro‘yxatlariga kiritilgan.
“Ta’kidlash joizki, Samarqand shahrida bo‘lajak Bosh konferensiyaning 43-sessiyasi so‘nggi 40 yil ichida birinchi marta UNESCO'ning Parij shahridagi qarorgohidan boshqa joyda o‘tkaziladi. Bu voqea tashkilotning 80 yilligiga to‘g‘ri keladi. Bosh direktor Odri Azule O‘zbekiston bilan sermahsul hamkorlikni yuksak baholab, bo‘lajak tadbirga keng ko‘lamli tayyorgarlik ko‘rilayotgani uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi”, deyiladi xabarda.
Amaliy hamkorlik dasturlarini yanada kengaytirish, shuningdek, UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasidagi forum va tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha yaqindan hamkorlikni davom ettirishga kelishib olingan.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 12 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Parij shahriga borgandi. Samolyot oldida O‘zbekiston yetakchisini Fransiya milliy ta’lim, oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar vaziri, sobiq bosh vazir Elizabet Born, Parij harbiy okrugi qo‘mondoni general Loik Mizon va boshqa rasmiy shaxslar kutib olgan.