Kurs UZS

USD

12 964.43

-30.16

EUR

14 744.45

-17.4

RUB

158.28

0.6

MIDWEEK: Kiyevdan “oq bayroq”ga ishora, qizigan “savdo urushi”, Mirziyoyevning Fransiya safari

Tahlil

Rasmiy Kiyev to‘xtashga tayyor. Ular Jiddada AQSH tomonidan taklif qilingan 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish rejimi haqidagi rejani ma’qulladi. Endi navbat Kremlga.

Tramp boshlagan savdo urushining masshtabi borgan sari kengayib, unda yangi frontlar paydo bo‘lyapti. Ortda qolgan kunlar davomida Xitoy Kanadani nishonga oldi. Umuman olganda, Kanada bu hafta AQSH va Xitoydan tariflar yuzasidan ketma-ket zarbalar qabul qildi.

Shavkat Mirziyoyev Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning taklifi bilan Fransiyaga bordi. Ikki o‘rtada 20 dan ortiq bitim va shartnomalar imzolandi.

Ukraina rozi

Ukraina va AQSH Saudiya Arabistonida yana qaytadan til topishdi. Kecha, 11 mart kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida Ukraina va AQSH delegatsiyalari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Jidda shahrida AQSH va Ukraina delegatsiyalari muzokara o‘tkazdi. Ukraina delegatsiyasi tarkibida Prezident devoni rahbari Andrey Yermak, Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga, Mudofaa vaziri Rustam Umarov va Prezident devoni rahbarining o‘rinbosari Pavel Palisa ishtirok etdi. AQSH delegatsiyasi tarkibida esa Davlat kotibi Marko Rubio va Prezident Donald Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Maykl Uolts bor edi. Muzokaralar yakunlari bo‘yicha Ukraina Prezidenti devonining rahbari Andrey Yermak agar Rossiya ham rozi bo‘lsa, Ukraina AQSHning 30 kunga o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi taklifini qabul qilishga tayyorligini bildirdi. Bu taklif AQSH tomonidan o‘rtaga tashlangan. Yermakning so‘zlariga ko‘ra, agar Rossiya uning shartlariga rozi bo‘lsa va ularga rioya qilsa, o‘t ochishni to‘xtatish rejimi tomonlarning o‘zaro kelishuvi bilan keyinchalik ham uzaytirilishi mumkin.

Jiddadagi muzokaralar ortidan AQSH va Ukraina delegatsiyalari qo‘shma yozma bayonot e’lon qildi. Bayonotda ham Ukraina AQSHning zudlik bilan 30 kunlik vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish rejimini joriy etish bo‘yicha taklifini qabul qilishga tayyorligini bildirgan. Shuningdek, unda Qo‘shma Shtatlar Kiyev bilan razvedka ma’lumotlarini almashishga qo‘yilgan cheklovlarni zudlik bilan olib tashlashi va Ukrainaga xavfsizlik sohasida yordam ko‘rsatishni davom ettirishi ta’kidlangan. Qisqa qilib aytganda, bu harbiy yordamning qayta tiklanganini anglatadi. AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Ukrainaning o‘t ochishni to‘xtatish taklifini Rossiya tomoniga yetkazishlarini aytdi. Rossiya-Ukraina urushining borishini sharhlar ekan, Rubio “bu urushning harbiy yechimi yo‘q” ekanini aytdi. U urushni tugatish va AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan qo‘yilgan tinch maqsadni amalga oshirish yo‘li muzokaralar orqali o‘tishini ta’kidladi. Davlat kotibining so‘zlariga ko‘ra, bu aynan Tramp “ko‘rmoqchi bo‘lgan” ssenariydir. Bunga erishish uchun eng avvalo o‘t ochishni bas qilish lozimligi ta’kidlandi. Rubio bu qadamga Rossiya tomoni ham “ha” deb javob berishiga umid qildi.

O‘z o‘rnida, 11 mart kuni Zelenskiy o‘zining kechki videomurojaatida AQSHning 30 kunlik otashkesim haqidagi taklifi ijobiy ekanini aytib, Ukraina tinch tayyorligini bildirdi.

“AQSH Rossiyani ishontirishi kerak. Shuning uchun biz tayyormiz, agar ruslar rozi bo‘lsa, sulh kuchga kiradi. Ukraina bu taklifni qabul qiladi, biz buni ijobiy deb hisoblaymiz. Biz shunday qadam tashlashga tayyormiz va AQSH Rossiyani ishontirishi kerak”, deya qo‘shimcha qildi u.

Zelenskiy agar sulhga erishilsa, 30 kun ichida AQSH va boshqa ittifoqchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi, Ukraina uchun xavfsizlik va barqaror tinchlikni kafolatlash uchun harakat qilinishini ta’kidlagan. Ukraina va AQSH delegatsiyalarining Saudiyadagi muzokaralari ikki davlat rahbarlarining o‘rtasiga tushgan sovuqchilikni ham ilitdi. Tramp ham shu kuni Zelenskiy uchun Oq uy eshiklari doim ochiqligini aytdi. U mazkur haftada Putin bilan gaplashish va sulh masalasini muhokama qilishni ta’kidladi.

Savdo urushida “yangi front”

Urushlarni tugatish bo‘yicha muzokaralarga bosh-qosh bo‘layotgan Tramp tomonidan harbiy emas, balki boshqa sohada ochilgan urush, aniqrog‘i “savdo urushi” kuchayib boryapti. Bu yerda yangi front ochilganini qayd etish lozim.

Gap shundaki, Xitoy Savdo vazirligi Kanadadan import qilinadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga 2,6 milliard dollar miqdorida boj joriy etganini e’lon qildi. Ma’lum qilinishicha, bojxona to‘lovlari joriy yilning 20 martidan kuchga kiradi. Bu esa o‘z-o‘zidan amalga oshirilmagan. Jumladan, 2024 yilning oktyabr oyida Kanada ham Xitoy mahsulotlariga qo‘shimcha bojlar kiritgan edi. O‘sha paytda Xitoydan olib kelingan barcha elektromobillar uchun 100 foiz boj joriy etildi. Po‘lat va alyuminiy mahsulotlariga esa 25 foiz boj belgilangandi.

Xitoy rasmiylariga ko‘ra, Kanadaning 2024 yildagi harakatlari Jahon savdo tashkiloti qoidalarini buzganligi proteksionistik hamda kamsituvchi harakat sifatida baholanadi. Shu sababli, Xitoy o‘zining qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun javob choralarini ko‘rishga qaror qilgan. Xitoy joriy qilgan yangi tariflar esa quyidagilardan iborat. Unga ko‘ra, Kanadadan import qilinadigan raps moyi va no‘xat uchun 100 foizlik bojxona solig‘i belgilangan. Qolaversa, cho‘chqa go‘shti, baliq va dengiz mahsulotlari uchun ham 25 foiz boj joriy etilgan.

Ammo Xitoy tariflar joriy qilish borasida Kanada bilan cheklanib qolmadi. Bir necha kun oldin Xitoy tomonidan ogohlantirilgan va AQSH tovarlariga kiritilajak yangi bojlar 10 mart sanasidan boshlab rasman kuchga kirdi. Bu Xitoydan AQSHga import qilinadigan tovarlarga tariflarning navbatdagi oshirilishiga javoban amalga oshirildi. Amerikaning bir qator qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga 10-15 foiz miqdorida boj solindi.

AQSH Prezidenti Donald Tramp esa bu hafta “savdo urushi” doirasida Kanadani nishonga oldi. U Kanadan kirib keladigan po‘lat va alyuminiyga nisbatan bojlarni 25 foizdan 50 foizgacha oshirish haqida e’lon qildi. Ma’lum qilinishicha, bu qaror Ontarioning elektr energiyasiga 25 foiz tariflar kiritishiga javoban qabul qilingan. Ushbu chora 12 mart kunidan boshlab kuchga kiradi. Shuningdek, Tramp agar Ottava “nomuvofiq tariflarni” bekor qilmasa, 2 aprelga qadar Kanadadan olib kirilayotgan avtomobillarga bojxona to‘lovlarini oshirish bilan tahdid qilgan. Bundan tashqari, u Ottavadan sut mahsulotlariga qo‘yilgan 250-390 foizlik bojlarni ham darhol bekor qilishni talab qildi.

Mirziyoyev Fransiyada

Prezident Shavkat Mirziyoyev Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan kecha, 11 mart kuni davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatga jo‘nab ketdi. O‘zbekiston yetakchisini Fransiya milliy ta’lim, oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar vaziri Elizabet Born, Parij harbiy okrugi qo‘mondoni general Loik Mizon va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi. Tashrif dasturiga muvofiq Parij shahridagi Yelisey saroyida oliy darajadagi muzokaralar, shuningdek, Fransiya rasmiylari va yetakchi kompaniyalari vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgani aytildi.

Parij shahrida ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari hamda 100 ga yaqin yetakchi kompaniyalari, moliya va biznes tashkilotlari yetakchilari ishtirokida Fransiya-O‘zbekiston biznes-forumi bo‘lib o‘tgan. Forum yakunlari bo‘yicha qishloq xo‘jaligi, energetika, yashil iqtisodiyot, shaharsozlik, suv ta’minoti va transport, konchilik, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha 20 dan ortiq bitim va shartnomalar imzolangan.

Bundan tashqari, Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifi davomida UNESCO Bosh direktori Odri Azule bilan uchrashdi. Uchrashuvda tashkilot Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rish va uni joriy yilning kuzida Samarqand shahrida o‘tkazishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Ma’lumot o‘rnida shuni qayd etish joizki, Fransiya va O‘zbekiston rahbarlari 2023 yil 2 noyabr kuni Samarqand shahrida ham uchrashgandi. Bu Fransiya Prezidenti maqomidagi shaxsning O‘zbekistonga oxirgi 30 yildagi ilk tashrifi edi. O‘shanda “Yashil” energetika, innovatsion qishloq xo‘jaligi, suv ta’minoti, logistika, infratuzilmani rivojlantirish, turizm va boshqa sohalarda yangi yirik loyihalarni ilgari surish chora-tadbirlari muhokama qilingan. Uchrashuv davomida Fransiya O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishini hamda Yevroittifoq bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni tez fursatda imzolanish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi bildirilgan. O‘shanda Makron nafaqat O‘zbekiston, balki Qozog‘istonga ham tashrif buyurgandi. Tahlilchilar uning Markaziy Osiyoga tashrifini asosan ikki sababga yo‘ygandi. Shunday sabablarning biri sifatida Fransiya energiya xavfsizligini yaxshilash ekani aytildi. Bundan tashqari, Parijning boshqa yirik o‘yinchilar qatori mintaqada o‘z vaznini saqlab qolishga intilishi mazkur tashrifning muddaolaridan biri bo‘lgani taxmin qilingandi.

Andijonda yana hokimiyat bilan muammo

E’tiborimiz markazida yana Andijon va hokimiyat idorasi. Ammo bu safar viloyat emas, tuman darajasida. Gap shundaki, Xo‘jaobod tumanining hokimiyat binosi, bo‘lib ham uning tomida g‘alati ishlar bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida bir ayol hokimiyat binosi tomiga chiqib, o‘zini tashlamoqchi bo‘lgani haqidagi video tarqaldi. 10 mart kuni soat 11:20 lar atrofida tarmoqlarda bir ayol Xo‘jaobod tumani hokimligi Qishloq xo‘jaligi bo‘limi binosining tom qismida yurgan video tarqaldi. Voqea fuqaro va hokimiyat o‘rtasidagi tushunmovchilik ortidan sodir bo‘lgan. Xayriyatki, ayol o‘z joniga qasd qilmagan yoki bu keskinlik oqibatida tan jarohati orttirib olmagan. Chunki, tezkor surishtiruv natijalariga ko‘ra, videodagi ayol o‘z joniga qasd qilish maqsadida tomga chiqmagan. U hokim bilan uchrasha olmagach, o‘zining bu harakati orqali shunchaki mas’ullarni qo‘rqitmoqchi bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan Xo‘jaobod tuman hokimligi munosabat bildirdi. Hokimlikning bildirishicha, ayol tuman hokimi bilan birinchi marotaba uchrashish uchun kelgan, lekin Xo‘jaobod tumani hokimi hududlardagi obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirish uchun joylarga chiqib ketgan. Shundan so‘ng, ayolga hokimiyat vakillari tomonidan murojaati bo‘lsa, qoldirib ketishi va har shanba kuni tuman hokimi qabul o‘tkazishi aytilgan. Ayol ushbu gaplarga ishonmasdan, “mas’ullar aldashyapti”, degan xayol bilan asabiylashib, atrofdagilarni qo‘rqitish maqsadida binoning tom qismiga chiqqan. 

“Tuman hokimi haqiqatdan ham o‘sha vaqtda hududlarda olib borilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirish uchun joylarga chiqib ketgandi. Hokim kelgach, ayol bilan suhbatlashib, uning murojaatini o‘rgandi”, deyiladi hokimlik xabarida.

Shuningdek, xabarda uchrashuv davomida fuqaro rasmiy ishga joylangani, uning murojaatlari joyida hal etilgani ham qo‘shimcha qilingan. Fuqarolardan esa bunday xatti-harakatlarni amalga oshirmaslik iltimos qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Frantsiya Shavkat Mirziyoev Donal'd Tramp Saudiya Arabistoni Xitoy Andijon Ukraina Vladimir Zelenskiy Emmanuel' Makron UNESCO hokimiyat Kiev Kanada Oq uy Elizabet Born Jidda Xo'jaobod Andrey Sibiga Marko Rubio Maykl Uoltts Savdo urushi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing