“Uyda yolg‘iz 2” filmi yulduzi vafot etdi

Madaniyat-san’at

image

Bugun, 17 iyul kuni Irlandiyalik aktrisa Brenda Friker 81 yoshida vafot etdi. U tomoshabinlarga “Uyda yolg‘iz 2: Nyu-Yorkda yo‘qolish” komediyasidagi kaptar boquvchi ayol roli orqali yaxshi tanish edi. Bu haqda uning ko‘p yillik agenti Fil Belfild ma’lum qildi.

“Bugun ertalab, 2026 yil 17 iyul kuni Brendi qisqa muddatli xastalikdan so‘ng sokingina olamdan o‘tganini chuqur qayg‘u bilan ma’lum qilamiz. U yaqinlari davrasida bu dunyoni tark etdi”, deyiladi uning oilasi va do‘stlari nomidan berilgan rasmiy bayonotda.

Friker 1990 yilda Jim Sheridanning “Mening chap oyog‘im” dramasida falaj bo‘lib qolgan rassom va yozuvchi Kristi Braunning fidokor onasi – missis Braun rolini yuksak mahorat bilan ijro etib, “Oskar” mukofotini qo‘lga kiritgan va jahon kinematografiyasi tarixiga kirgan edi. U Amerika kinoakademiyasining oltin statuetkasini qo‘lga kiritgan tarixdagi ilk irlandiyalik ayolga aylangan.

Shuningdek, Brenda Friker o‘zining oltmish yillik faoliyati davomida Irlandiya, Buyuk Britaniya va Gollivudda teatr, kino va televideniye sohalarida mehnat qilib, o‘z avlodining eng hurmatli va ramziy aktrisalaridan biri degan nomga sazovor bo‘lgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yangi Zelandiyalik aktyor Sem Nill, asosan “Yura davriga sayohat” filmidagi paleontolog doktor Alan Grant roli bilan tanilgan va 50 dan ortiq filmda suratga tushgan san’atkor 78 yoshida vafot etgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing