Uychi tumani hokimi ham o‘zgardi
Jamiyat
−
14:01 2114 1 daqiqa
Bugun, 29 dekabr kuni Shuhrat Musayev Namangan viloyatining Uychi tumani hokimi lavozimidan ozod etildi va uning o‘rniga Muzaffar Abdullayev tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, xalq deputatlari Uychi tumani kengashining ham navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tgan. Unda tashkiliy masala ko‘rilgan. Sessiyada Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov kun tartibidagi masala yuzasidan ma’ruza qilgan.
Viloyat rahbari keyingi yillarda Uychi tumanida olib borilgan ishlar, Uychi tajribasi doirasida erishilgan yutuqlar barobarida, ishda yo‘l qo‘yilgan xato va kimchiliklarga atroflicha to‘xtalib, hududlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha dolzarb vazifalarni belgilab bergan. Bu ishlarni amalga oshirish uchun tumanga yangi hokim zarur.
Sessiyada deputatlar Namangan viloyati hokimining Shuhrat Mirsodiqovich Musayevni Uychi tumani hokimi vazifasidan ozod qilish va tuman kengashining deputatlik vakolatini muddatidan oldin soqit qilish haqidagi tegishli qarorini tasdiqlagan.
Shuningdek, viloyat hokimining Muzaffar Abdug‘aniyevich Abdullayevni Uychi tumani hokimi etib tayinlash to‘g‘risidagi qarori bir ovozdan ma’qullangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yangi Namangan tumani hokimi sifatida ishlab kelayotgan Jobir Sharifovich Abdullayev lavozimidan ozod qilingani va uning o‘rniga Adham Jakbaraliyevich Qoraboyev hokim etib tayinlangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi