O‘tirsak o‘poq, tursak so‘poq – Allamjonov matbuotga bosim bo‘layotgani va bu davom etishini aytdi

Intervyu

image

O‘tgan yili so‘z va matbuot erkinligi himoyasiga otlangan xalqaro tashkilotlar, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Hukumatlardan pandemiya fonida mamlakatda matbuot va so‘z erkinligi tahdid va bosim ostida qolayotganidan tashvishda ekanini aytib chiqdi. Pandemiya fonida so‘z erkinligini “bo‘g‘gan” davlatlar ro‘yxatiga esa O‘zbekiston ham kiritildi. Xo‘sh, mamlakatda haqiqatan ham so‘z erkinligi bosim ostida qoldimi? Agar yana koronavirus bilan bog‘liq vaziyat jiddiy tus olgudek bo‘lsa, buning ortidan OAVga bosim kuchayadimi? Ushbu savollar bilan QALAMPIR.UZ’ning #CoronaMarafoni jonli muloqotida sayt rahbari Qamariddin Shayxov Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonovga yuzlandi. 

O‘zbekistonda OAV sohasini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yagona fond raisining fikricha, mamlakatda koronavirus talafotlarining kam bo‘lishi va o‘lim soni ortib ketmasligida jurnalistlar, matbuot xodimlarining o‘rni katta. Garchi ular bosimlar ostida qolgan bo‘lsa, o‘z vazifasini bajarishga erishdi. 

“Axborotning ochiqligi tufayli ham o‘lim sonining kam bo‘lishiga erishildi. Boshqalar buni tan oladimi yo yo‘q, insofni ularning o‘ziga bersin. Lekin matbuot o‘sha vaqtlarda to‘g‘ri axborotni berib turmaganda, balki boshqacha bo‘lardi. Eng yomon narsa – qorong‘ulik. Nursiz g‘orga kirib qolsangiz va qayerga ketayotganingizni bilmasangiz – bu eng yomoni. Matbuot pandemiya davrida o‘sha g‘orning oxiridagi nur bo‘lib ko‘rinib turdi. Buni hech kim inkon etolmaydi. O‘zi biz matbuotchilarning peshonasiga yozilgani shu: o‘tirsak o‘poq, tursak so‘poq. Bunga ko‘nikib, oddiy holatdek qarayverish kerak”, deydi Allamjonov. 

Allamjonovga ko‘ra, ayrim holatlarda jurnalist va blogerlarning o‘zi ham tasdiqlanmagan ma’lumotlarni e’lon qilish orqali kasbim etikani buzgan. Bundaylarga esa to‘g‘ri tushuntirish, iltimos qilish orqali murosaga kelingan. 

“Matbuot holatni kuchaytirib, vaziyatni og‘irlashtirib yubordi, degan gaplarni ko‘p eshitamiz. Bu masalada qaysidir ma’noda jon bor. Hamma narsa baribir me’yorda bo‘lishi kerak edi. O‘limlarning soni haqida tasdiqlanmagan ma’lumotlar, vahimali xabarlarni tarqatish holatlari bo‘ldi. Biz ularning hammasi bilan kurashib, har bir hamkasbimizga to‘g‘ri tushuntirib, iltimos qildik. Tasdiqlanmagan ma’lumotni bersang, o‘zingga, qo‘shningga, uyingga zarar, deb aytdik. Shu uchun ham og‘ir vaziyatdan juda muvaffaqiyatli chiqib ketdik. Va matbuot tufayli har xil noqonuniy holatlar, o‘z vakolatini suiiste’mol qilish holatlarining hammasi nazoratda turdi. Bu juda ham muhim masala edi”, deydi matbuot faoli. 

Bugungacha televideniyeda oddiy muxbirlikdan faoliyatini boshlab, Davlat soliq qo‘mitasi Matbuot kotibi, Prezident Matbuot xizmati rahbari, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori lavozimlarigacha erishgan Komil Allamjonov bot-bot bosimlarni oqlamasligini aytadi. 

“Matbuotga bosim har doim bo‘lgan, bo‘lmoqda va bundan keyin ham bo‘ladi. 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi ham o‘tgan yili butun dunyoga “vaziyatdan foydalanib matbuotni bo‘g‘mang, matbuotga bosimni kamaytiring”, deb murojat qildi. Ko‘plab bunday chaqiruvlarni eshitdik. 

Bilasizmi, o‘sha vaqtda matbuotga nisbatan bosim urush ketayotgan maydondagi “emotsional” holat edi. Masalan, siz kimningdir hayoti uchun kurashayotganingizda hali u tarafingizdan kelib, hali bu tarafingizdan kelib savol berishsa, “ey, bor ket” deb yuborasiz. Bu ham shunga o‘xshash holat. Shunga qaramay, matbuotimiz o‘sha vaqtda tushkunlikka tushmasdan faoliyatini davom ettirdi. 

Yuqoridagi misol bilan matbuotga haqli bosim bo‘ldi, deyishdan yiroqman. Men uchun bosim hech qachon haqli bo‘lmaydi. Lekin har bir holat aynan qaysidir voqeaning o‘zi bilangina bog‘liq. Masalan, aniq bir holat haqida fikrimni so‘rashsa, farqli munosabat bildirishim mumkin, ammo umumiy jihatdan bosimlarga qarshiman. Aslida har qaysi holatda ham matbuotga bosim o‘tkazilishini oqlamayman”, deydi Komil Allamjonov. 


Maqola muallifi

Teglar

Komil Allamjonov

Baholaganlar

84

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing