O‘tgan yili jarimaga tortilgan Binance O‘zbekistonda rasman faoliyat yurita boshlaydi
Jamiyat
−
17 yanvar
2712Eng yirik kripto-birjalaridan biri – Binance tomonidan O‘zbekiston Respublikasi foydalanuvchilariga (rezidentlariga) xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi ma’lum qildi.
Bildirilishicha, O‘zbekiston hududida Binance kripto-birjasi o‘z faoliyatini qonunchilik bilan belgilangan tartibda mahalliy “CoinPay” MCHJ orqali amalga oshirishni rejalashtirmoqda. “CoinPay” MCHJ kripto-aktivlar aylanmasi sohasida rasmiy xizmat ko‘rsatuvchi provayder bo‘lib, u kripto-birja va kripto-do‘kon faoliyatini amalga oshirish uchun tegishli litsenziyalarga ega.
O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari Binance platformasiga “CoinPay” MCHJning tegishli resurslari (coinpay.uz) orqali kirishlariga imkoniyat beriladi. Shu bilan birga, foydalanuvchilar o‘z mablag‘larini bank kartalari va milliy to‘lov tizimlari orqali milliy valyutada kiritish hamda chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, 2024 yilning yanvar oyida agentlik tomonidan Binance kripto-birjasiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi, xususan, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilik talablarini buzganligi uchun jarima qo‘llash haqidagi qaror qabul qilingan. Shundan so‘ng, tegishli da’vo arizasi Toshkent shahar iqtisodiyot sudiga yuborilgan. 2024 yilning 26 martidan 7 iyuniga qadar javobgar (Binance kripto-birjasi) vakili ishtirokida davom etgan sud jarayonlari yakuniga ko‘ra, sud agentlikning arizasini to‘liq qondirish hamda kripto-birjadan 300 bazaviy hisoblash miqdoriga teng bo‘lgan jarimani O‘zbekiston Respublikasi byudjetiga belgilangan tartibda undirish haqida qaror qabul qilgan. Binance kripto-birjasi sudning barcha talablarini bajarganligini hamda jarimani qonunchilikda belgilangan tartibda Davlat byudjetiga to‘liq to‘lagan.
Shuningdek, agentlik O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni va kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3832-son qarorining 3-bandi “d” kichik bandiga muvofiq, 2023 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslari kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) ayirboshlash bo‘yicha operatsiyalarni faqat milliy provayderlar orqali qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirishlari lozimligini eslatgan.
"Shu munosabat bilan, fuqarolarni qonun talablariga rioya qilishga va kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni faqat milliy provayderlar orqali amalga oshirishga qat’iy chaqiramiz. Shuningdek, eslatib o‘tamiz, kripto-aktivlarni sotib olish ob’ekti sifatida ishlatish va buning oqibatlari xaridorning shahsiy tanlovidir", deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Toshkent shahrida tegishli hujjatlarsiz kriptovalyuta oldi-sotdisi bilan shug‘ullangan 26 yoshli yigit 5 sutkaga qamalgandi.
LiveBarchasi
O‘zbekiston sun’iy yo‘ldosh yasayapti.
17 yanvar