Binance kriptobirjasi asoschisi iste’foga chiqdi. U 50 mln dollar jarima to‘laydi
Olam
−
23 noyabr 2023
3803Binance kriptobirjasi asoschisi Changpeng Chjao iste’foga chiqmoqda, kompaniya endilikda 4,3 mlrd dollar jarima to‘lashi kerak bo‘ladi. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.
Qayd etilishicha, prokurorlar Binance'ni litsenziyasiz pul o‘tkazmalari biznesini yuritish, bank va sanksiyalar to‘g‘risidagi qonunlarni buzganlikda ayblagan.
Ayblovlarga ko‘ra, Binance ba’zi mijozlarini jinoiy faoliyat bilan shug‘ullangani tufayli savdodan chetlashtirganidan keyin, ularga asosiy savdo platformasiga qaytish imkoniyatini bergan.
Gap shundaki, Changpeng Chjao va Binance'ning boshqa yuqori martabali xodimlari shu kabi yana ko‘plab qonunlarni chetlab o‘tgan.
Ular bank siriga oid qonunning ayrim qismlari – moliyaviy institutlar va ularning xodimlaridan mijozlarining asl shaxsini aniqlash, jinoyatchilar yoki iqtisodiy sanksiyalangan shaxslar bilan biznes yuritmaslik va AQSHda joylashgan har qanday biznesni tartibga soluvchi organlarda ro‘yxatdan o‘tish qoidalarini buzgan.
Sud hujjatlarida qayd etilishicha, sanksiyalarga duchor bo‘lgan Eron, Kuba va Suriyadan kelgan mijozlar platformaga kirish imkoniga ega bo‘lgan. Shuningdek, Binance terrorchi guruhlar ishtirokidagi shubhali tranzaksiyalar haqida xabar bermagani aytilmoqda.
Buning uchun Chjao 18 oygacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin, ammo prokurorlar qattiqroq jazoni talab qilish imkoniyatini saqlab qolmoqda. Sud uning Binance'dagi har qanday ishtirokini 3 yilga taqiqlashi ham mumkin. Ushbu jarayonda, Chjao 50 million dollar jarima to‘lash va kompaniya rahbarligidan ketishga rozi bo‘lgan.
“The New York Times”ning yozishicha, Changpeng Chjao o‘z aybiga iqror bo‘lib, kompaniya tomonidan hukumatga bir nechta jarimalar yig‘indisi sifatida jami 4,3 milliard dollar to‘lanishini bildirgan.
Ma’lumot uchun, Binance'ga 2017 yilda asos solingan. Ushbu brend ostidagi Binance Holdings Ltd kunlik savdo hajmi bo‘yicha eng yirik kriptovalyuta almashinuvini boshqaradigan global kompaniya bo‘lib, yaqin vaqtgacha u kriptovalyuta bozorining deyarli 60 foiziga egalik qilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Istanbul sudi Thodex kriptobirjasining rahbari Faruk Fotih Ozer, uning singlisi va ukasini firibgarlik, jinoiy tashkilotga rahbarlik qilish va pul yuvishda ayblab, har birini 11 196 yilga ozodlikdan mahrum qilgandi.
LiveBarchasi