O‘tgan oyda yonilg‘i va yo‘lkira narxlari keskin oshdi – Markaziy bank
Jamiyat
−
13 mart
4881O‘zbekistonda o‘tgan oyda yonilg‘i va yo‘lkira narxlari keskin oshdi. Buni Markaziy bankning fevral oyi uchun aholi va tadbirkorlik sub’ektlari orasida o‘tkazgan so‘rovnomasi natijalari ko‘rsatib turibdi.
Unga ko‘ra, aholi tomonidan sezilgan inflatsiya darajasi 12,7 foizni tashkil qilgan. Hududlar kesimida inflatsiyaning eng yuqori darajasi Toshkent shahri – 16,1 foiz va Sirdaryo viloyatida – 13,9 foiz, eng past darajasi esa Qoraqalpog‘iston – 9,1 foiz va Xorazm viloyatida – 10,7 foiz sezilgan.
So‘rovnomada qatnashganlarning katta qismi benzin va yoqilg‘i hamda yo‘lkira va tashish xizmatlarini narxlarida yuqori o‘sish kuzatilgan asosiy turdagi tovar va xizmatlar sifatida qayd etgan. Bunga fevral oyining oxiri va mart oyining boshlarida butun respublika bo‘ylab gaz yetishmasligi sababli metan yoqilg‘i quyish shoxobchalarining to‘liq yopilishi yoki faoliyatining cheklanishi ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.
Daromadlari 7 mln so‘m va undan yuqori bo‘lgan aholining sezilgan inflyatsiya darajasi respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori darajada shakllangan. Xususan, 15 mln so‘mdan ko‘p daromad egalari sezgan inflyatsiya 16,9 foizni tashkil qilgan. Toshkent shahrida 21 foiz va undan yuqori inflyatsiya sezayotganlar ulushi 27 foizga yetgan.
LiveBarchasi