O‘tda yonmas dron ishlab chiqildi
Bu qiziq
−
08 iyul 2023
8769Shveysariyalik tadqiqotchilar yonayotgan binolar va o‘rmonlarda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan issiqlikka chidamli dronni ishlab chiqdi. Bu haqda “Euronews” ma’lum qildi.
Yong‘inga chidamli dron Shveysariyaning robototexnika laboratoriyasi rahbari Mikro Kovak tomonidan yaratildi. Ushbu yangilikka sabab odatiy dronlarning plastmassadan yasalishi va yong‘inga chidamli emasligi bo‘lgan.
“Odatda yong‘in bo‘lsa, “Ichkarida kimdir bormi?”, “Olovning manbalari qayerda?” degan savollar paydo bo‘ladi. Biz buni yong‘in droni orqali aniqlashimiz mumkin”, dedi professor.
Olimning so‘zlariga ko‘ra, uni bu ixtiroga 2017 yilda Londonning Grenfell minorasida sodir bo‘lgan fojia ilhomlantirgan. O‘shanda turar joy bloklaridan chiqqan yong‘in sabab 72 kishi xalok bo‘lgan.
“Men Londondagi minoraga yaqin joyda yashardim. Bu voqeani ko‘rish juda dahshatli edi. Odamlar mendan ichkarida ucha oladigan dron bormi, deb so‘rashardi. Menda esa bunday qurilma yo‘q edi”, dedi u.
Yangi dron yong‘in sodir bo‘lgan joyni xaritada ko‘rsatishi va issiqlikka chidamli kamera yordamida olovda qolganlarni aniqlashi mumkin. Olovga chidamlilikni ta’minlash maqsadida ishlab chiqaruvchilar suyuqlik o‘rnida gazdan tayyorlanadigan poliimid aerogelidan foydalangan. Shunga qaramay, bu dron ham olovda uzoq vaqt turolmaydi, u 200 daraja issiqlikda 10 daqiqa davomida ishlashi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oy Janubiy Koreya milliy orkestri konsertida robot-drijyor sinovdan o‘tkazilgan edi.
Sevara Husniddinova
LiveBarchasi