Usmonovning yaqin hamkori to‘satdan vafot etdi

Olam

image

Joriy yilning 22 iyul kuni rossiyalik tadbirkor va yirik IT-kompaniya “IKS Xolding” rahbari Anton Cherepennikov 40 yoshida vafot etdi. O‘limining dastlabki sababi yurak xuruji bo‘lgan. Bu haqda kompaniya RBKga ma’lum qildi.

Anton Cherepennikov 1983 yil 7 mayda Moskvada tug‘ilgan. Do‘stlarining so‘zlariga ko‘ra, u bolaligidan video o‘yinlarini yaxshi ko‘rgan. Cherepennikov 15 yoshida kompyuter klublariga borishni boshlagan. Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universitetining Axborot xavfsizligi bo‘limida o‘qishni bitirmay tark etgan. 2008 yilda Moskva davlat qurilish universitetini tamomlagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tadbirkor ikki marta turmush qurgan. Birinchi turmushidan Antonning bir qizi va bir o‘g‘li bo‘lgan. “Tatrel” jurnaliga bergan intervyusida Cherepennikov ajralish sababi biznes va ko‘p vaqtni oladigan boshqa loyihalar ekanini aytgan. U 2015 yil beri ikkinchi marta oila qurgan.

Cherepennikov turli yillarda Rossiyadagi eng muvaffaqiyatli yosh tadbirkorlar ro‘yxatiga kiritilgan. 2019 - 2020 yillarda tadbirkor RBKning “Yil tadbirkori” mukofotiga nomzod bo‘lgan. 2023 yil fevral oyi oxirida Cherepennikov AQSHning CDN ro‘yxatiga, keyinroq esa Ukraina sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan.

O‘yin biznesi va Usmonov bilan aloqa

2003 yilda Cherepennikov “Virtus.pro” kibersport kompaniyasiga asos solgan.  2015 yilda Anton Cherepennikov o‘sha paytda NAVI klubiga egalik qilgan Aleksandr Koxanovskiy bilan birgalikda ESforce xoldingini yaratdi, unga bir qator boshqa kibersport aktivlari qatorida Virtus.pro klubi ham kiradi.

Ayni vaqtda milliarder Alisher Usmonov Virtus Pro kibersport jamoasiga 100 million dollar sarmoya kiritgan. Keyinchalik, o‘sha paytda asosiy aksiyadorlari biznesmen tuzilmalari bo‘lgan Mail.ru Group (hozirgi tuzilma VK deb ataladi) biznesni 100 million dollarga sotib oldi.

Anton Cherepennikovning biznesi ko‘pincha Alisher Usmonov bilan bog‘liq edi – u ularni milliarderdan sotib olgan yoki aktivlarini unga sotgan. Biroq 2019 yilda “Vedomosti” nashriga bergan intervyusida Cherepennikov Usmonov bilan ishlaganidan g‘ururlansada, uni “Usmonovning kibersport bo‘yicha hamkori” deb doimiy tilga olinishidan charchaganini bildirgan.

Cherepennikov haqida nima deyishadi?

Raqamli rivojlanish vazirligi rahbari Maqsud Shadayev tadbirkorning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, vazirlik o‘z navbatida kompaniya va uning xodimlariga uning barcha ulug‘vor rejalarini amalga oshirish uchun har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini aytgan.

“Anton o‘ta g‘ayratli, o‘ta shuhratparast, g‘ayrioddiy jasur tadbirkor bo‘lib, u atrofida noyob muhandislar va ishlab chiquvchilar jamoasini to‘play oldi. Uning rahbarligida IKS Xolding mamlakatdagi eng yirik texnologik kompaniyalardan biriga aylandi”, deb yozgan Maqsud Shadayev.

“Cheksiz ishonchli va o‘ta mas’uliyatli inson, qisqa umrida u ko‘p narsaga erishdi. Anton yulduzdek yondi va afsuski, u juda tez ketdi. Eng iste’dodli insonlarning bu dunyoni erta tark etishi juda alamli. Antonning oila a’zolariga va u uchun aziz bo‘lgan barchaga hamdardlik bildiraman ”, deydi USM xoldingining sobiq rahbari Ivan Streshinskiy.

“Rostelekom” prezidenti Mixail Oseevskiy Cherepennikov tomonidan yaratilgan xoldingni “AKT sohasida import o‘rnini bosuvchi asosiy dvigatellardan biri” deb atadi.

“So‘nggi vaziyat Anton nima qilayotgani, nimaga borini bergani muhimligini yaqqol ko‘rsatdi. Oldinda ulkan rejalar, jumladan, kompaniyamiz bilan qo‘shma rejalar bor edi. Anton tomonidan yig‘ilgan jamoa o‘z ishini davom ettirishi, uning barcha g‘oyalarini o‘zida mujassamlashtirgani juda muhimdir. Bu uning eng yaxshi xotirasi bo‘ladi. Anton Cherepennikovning oila a’zolari, qarindoshlari, do‘stlari va hamkasblariga hamdardlik bildiraman”, deydi u.


Maqola muallifi

Teglar

Alisher Usmonov nton Cherepennikov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing