Usik Kabayeldan WBC chempionligini himoya qiladi
Sport
−
02 iyun 870 2 daqiqa
Butunjahon boks kengashi (WBC) ukrainalik bokschi Aleksandr Usikka og‘ir vazn toifasidagi chempionlik kamarini germaniyalik Agit Kabayelga qarshi himoya qilishni buyurdi. Bu haqda tashkilot prezidenti Maurisio Sulaymon “Sky Sports” nashriga ma’lum qildi.
Joriy yilning 23 may kuni Usik Misrdagi Giza piramidalari majmuasida niderlandiyalik kikbokschi Rik Verxuvenni hakamlar qaroriga ko‘ra mag‘lub etib, WBC chempionlik unvonini himoya qilgan edi.
“WBC Usikning ixtiyoriy ravishda chempionlik himoyasini o‘tkazishini qo‘llab-quvvatladi. Bu jangdan keyin g‘olib Kabayelga qarshi ringga ko‘tarilishi kerak edi. Bu jang avvaldan rejalashtirilgan va Usik uchun majburiy hisoblanadi. Rostini aytsam, bu qarordan mamnunman. Ko‘pchilik WBC’ni Verxuvenga qarshi chempionlik jangiga ruxsat bergani uchun tanqid qildi. Endi esa, biz to‘g‘ri qaror qabul qilganimizni faxr bilan ayta olaman”, deydi Sulaymon.
Ma’lumot uchun, 39 yoshli Usik professional faoliyati davomida 25 ta jang o‘tkazib, barchasida g‘alaba qozongan. Ukrainalik bokschi o‘tgan yilning noyabr oyida Jahon boks tashkiloti (WBO) chempionlik unvonidan voz kechgan edi. Hozirda u WBA, IBO, WBC va IBF chempionlik kamarlariga egalik qilmoqda.
33 yoshli Agit Kabayel ham professional ringda mag‘lubiyat nimaligini bilmaydi – u 27 ta jangning barchasida g‘alaba qozongan. Hozirda u WBC versiyasi bo‘yicha og‘ir vazndagi vaqtinchalik jahon chempioni hisoblanadi.