USAID 2 ming xodimini ishdan bo‘shatadi
Olam
−
24 fevral
3277Kecha, 23 fevral kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) 2000 nafar xodimini ishdan bo‘shatish to‘g‘risida elektron maktublar yubordi. Bu haqda “The New York Times ” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, ushbu xabar ”tanqidiy dasturlar”da ishlaydigan yoki ”maxsus dasturlar”ni amalga oshiruvchi xodimlar, shuningdek, asosiy menejerlarga taalluqli emas.
Shuningdek, elektron pochtada ishdan bo‘shatish USAID’ning AQSHda joylashgan xodimlariga ta’sir qilgani qo‘shimcha qilingan. Ularning ismlari esa keltirilmagan. Shuningdek, ushbu elektron hujjatda mingga yaqin agentlik xodimi ham ta’tilga jo‘natilgani aytilgan.
”Ular 2000 nafar (USAID) xodimini ishdan bo‘shatib, 1000 nafargacha xorijiy xizmatchilarni haq to‘lanadigan ta’tilga chiqarmoqda”, deyiladi nashrda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amerika federal sudyasi Karl Nikols AQSH hukumatining AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) xodimlarining 2 ming 200 ga yaqinini ma’muriy ta’tilga chiqarish to‘g‘risidagi qarorini to‘xtatgandi. Qolaversa, AQSH federal sudi ham Prezident Donald Tramp ma’muriyatini muzlatilgan xorijiy yordamni tiklashga majbur qilgandi.