Urushning oxiri ko‘rinib qoldi, suriyaliklar uyga qaytmoqda
Olam
−
13 fevral 2020
7741So‘nggi kunlarda Suriyada Hukumat armiyasi mamlakatning eng muhim shahar va avtomagistrallarni o‘z nazorati ostiga qaytarib olmoqda. Vayronaga aylangan shaharlar esa qayta tiklanmoqda. Suriyaliklar ham tinchlik shabbodasini his qilishmoqda chog‘i oxirgi kunlarda vatanlariga qaytish holatlari ko‘paymoqda.
O‘tgan kun davomida 844 qochqin Suriya Arab Respublikasiga xorijiy davlatlar hududlaridan qaytib keldilar. Livandan Jaydet-Yabus, Tell-Kalah nazorat-o‘tkazish punktlari orqali 251 kishi (75 ayol, 128 bola), Iordaniyadan Nasib nazorat-o‘tkazish punkti orqali 593 kishi (178 ayol, 302 bola) o‘z uylariga qaytdilar. Ta’kidlanishicha, kun davomida umumiy 1383 qochqin doimiy yashash joylariga qaytgan.
Suriya Qurolli kuchlarining muhandislik bo‘linmalari Duma, Jasim va El-Xarra aholi punktlaridagi hududlarni va ob’ektlarni tozalash vazifalarini bajargan. Bir kunda 2,2 gektar yer tozalanib, 33 portlovchi ob’ekt topilgan va yo‘q qilingan.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning 29 yanvarida M5 trassasidagi Maaret Nuuman shahri ozod qilingan edi. Keyin, 8 fevral kuni Hukumat armiyasi M4 (Latakiya - Halab) va M5 (Damashq - Halab) xalqaro yo‘nalishlarining chorrahasida joylashgan Sarakib shahrini egallashga muvaffaq bo‘ldi. 9 fevral kuni Idlibning sharqidan kelayotgan qo‘shinlar Halabning janubidan kelayotgan qo‘shinlar bilan birlashdi va shu tariqa Suriya armiyasi M5 trassasini deyarli to‘liq nazoratga oldi.
Suriyadagi qurolli mojaro 2011 yildan beri davom etmoqda. 2017 yil oxirida ISHID terrorchilik guruhi ustidan g‘alaba e’lon qilindi. Jangarilarni yo‘q qilish mamlakatning ayrim hududlarida davom etmoqda. Ayni paytda siyosiy yechim, Suriyaning tiklanishi va qochqinlarning qaytarilishi birinchi o‘rinda turadi.
Nurulloh Sharipov
LiveBarchasi