Urushning bahosi. Yevropa “kattasi” Rossiyani qanday sanksiyalar kutayotganini aytdi

Olam

image

Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen maxsus murojaat bilan chiqib, Ukraina xalqi bilan birdamligini bildirdi va Rossiyani Ukrainaga ochiq tajovuzkorligi uchun kutayotgan “katta sanksiyalar” mohiyatini ochib berdi. “Ukrinform” xabariga ko‘ra, uning murojaatining to‘liq matni Yevrokomissiya saytida e’lon qilingan.

“Bugun ertalab rus qo‘shinlari erkin va suveren mamlakat bo‘lgan Ukrainaga bostirib kirishdi. Yana bir bor, Yevropaning markazida begunoh ayollar, erkaklar va bolalar o‘lmoqda yoki hayotlari uchun qo‘rquvda. Biz bu vahshiy hujumni va uni oqlaydigan beadab dalillarni qoralaymiz. Yevropaga yana urush olib kelgan Prezident bu – Putin. Bunday qorong‘u paytlarda Yevropa Ittifoqi va uning xalqi Ukraina va uning xalqi yonida turadi”, degan Ursula fon der Lyayen.

Uning ta’kidlashicha, Rossiyaning tajovuzkorligi misli ko‘rilmagan va hujum faqatgina Ukrainaga qarshi qaratilmagan. Rossiya butun Evropada barqarorlikni va butun dunyoda tinchlik va tartibni o‘rnatishni maqsad qilgan.

“Biz Prezident Putinni buning uchun javobgarlikka tortamiz. Bugun biz Yevropa yetakchilari tomonidan qabul qilinishi uchun ommaviy va maqsadli sanksiyalar paketini taqdim etamiz. Ushbu paket bilan biz Rossiya iqtisodiyotining strategik tarmoqlariga zarba beramiz, ularning Rossiya uchun kalit bo‘lgan texnologiyalar va bozorlarga kirishini to‘sib qo‘yamiz. Biz Rossiyaning iqtisodiy bazasini va modernizatsiya qilish qobiliyatini zaiflashtiramiz. Bundan tashqari, biz Rossiyaning Yevropa Ittifoqidagi aktivlarini muzlatib qo‘yamiz va Rossiya banklarining Yevropa moliya bozoriga kirishini to‘xtatamiz”, dedi Ursula fon der Lyayen.

Uning ta’kidlashicha, Rossiyaga qarshi sanksiyalarning birinchi bosqichida bo‘lgani kabi, YeI ham sheriklar va ittifoqchilar - AQSH, Buyuk Britaniya, Kanada, shuningdek, Yaponiya va Avstraliya bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda. Taklif etilayotgan sanksiyalar Kreml manfaatlariga va uning urushni moliyalash qobiliyatiga ta’sir qiladi.

“Biz millionlab ruslar urushni xohlamasligini bilamiz. Prezident Putin vaqtni Rossiya imperiyasi davriga qaytarishga harakat qilmoqda. Ammo bu bilan u rus xalqining kelajagini xavf ostiga qo‘yadi. Men Rossiyani zo‘ravonlikni zudlik bilan to‘xtatishga va o‘z qo‘shinlarini Ukraina hududidan olib chiqishga chaqiraman. Biz Prezident Putinning Yevropaga o‘nlab yillar davomida tinchlik va barqarorlikni ta’minlab kelgan xavfsizlik arxitekturasini yo‘q qilishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Biz Prezident Putinga qonun ustuvorligini kuch va jinnilik huquqi bilan almashtirishiga yo‘l qo‘ymaymiz. U bizning demokratiyaimizning qat’iyatliligi va kuchini past baholamasligi kerak”, deya ta’kidlagan Yevrokomissiya raisi.

Uning ta’kidlashicha, tarix haqiqat va erkinlik asosida qurilgan jamiyatlar va ittifoqlarning mustahkamligini isbotlaydi hamda bu ularni barqaror va muvaffaqiyatli qiladi. Avtokratiya aynan shu narsadan qo‘rqadi.

“Yevropa Ittifoqi Ukraina va uning xalqi yonida. Biz uni qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz. Ukraina g‘alaba qozonadi”, deya ta’kidladi Ursula fon der Lyayen.

Avvalroq, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari maxsus harbiy operatsiya boshlaganini e’lon qilgandi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

So‘ngra, Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi.

Ukraina IIV maslahatchisi esa Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirilganini ma’lum qildi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirganini ma’lum qildi.

LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev esa Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi. 

Eslatib o‘tamiz, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. 

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

295

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing