Urush yetti oylik bo‘ldi, to‘qqizinchi oyga o‘tsa tugaydi
Tahlil
−
18:04 207 12 daqiqa
Millionlab tinch aholining yostig‘ini quritgan, onalarni bolasidan, bolalarni onasidan ayirgan AQSH – Eron urushi yettinchi oyida ketmoqda. AQSH Prezidenti Donald Tramp mazkur yetti oylik urushni noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan oraliq Kongress saylovlaridan keyin darhol tugashini aytmoqda. Biroq Tehron taslim bo‘lish niyatida emasligini, AQSH Eron hududi va infratuzilmasiga zarba berishda davom etsa, qarshi hujumlarni kuchaytirishini bildirmoqda.
Mojaro 2026 yilning 28 fevralida boshlangan bo‘lsa, shu vaqt ichida Eronning harbiy va fuqarolik infratuzilmasi jiddiy zarar ko‘rdi, minglab odamlar halok bo‘ldi, o‘n minglab kishilar jarohatlandi, yana ko‘plab aholi o‘z uyini tark etdi. Urush faqat Eron hududiga emas, balki Iroq, Isroil, Livan, Iordaniya va Fors ko‘rfazi davlatlariga, undan keyin esa butun jahonga ko‘lankali soyasini soldi.
9-sentyabr kuni Eron AQSHning 10 ta dengiz kemasini nishonga olganidan keyin, Qo‘shma Shtatlar ham javob tariqasida Hormuz bo‘g‘ozi yaqinida Eronning 5 ta neft tankerini cho‘ktirganini ma’lum qildi. Vashington bu zarbalarni Eronning AQSH harbiy kemalariga takroriy raketa hujumlariga javob sifatida izohladi. Oqibatda Brent markali neft narxi bir barrel uchun 100 dollardan oshdi.
Talafotlar
Mojaroning dastlabki janglari aprel oyida vaqtinchalik to‘xtagan bo‘lsa-da, iyun oyida diplomatik kelishuv ortidan qisqa muddatli tinchlik yuzaga keldi. Iyul oyida esa ayniqsa Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazorat masalasi sababli janglar yana avj oldi. AQSH Eronning janubiy hududlari va transport infratuzilmasiga zarbalarni kuchaytirdi. Urushdagi eng katta talafot Eron hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Biroq qurbonlar soni bo‘yicha turli
manbalarning raqamlari bir-biridan sezilarli farq qiladi.
BMTning mart oyidagi dastlabki gumanitar hisobotida 28 fevraldan 17 martgacha Eronda 1,2 mingdan ortiq odam halok bo‘lgani va 17 mingdan ortiq kishi jarohatlangani qayd etilgan. Shu davrda 2,5 milliondan ortiq odam mojaro ta’sir zonasida bo‘lgan, 54 mingdan ortiq fuqarolik obekti zarar ko‘rgan.
Aprel oyiga kelib, BMT tizimiga oid malumotlarda Eronda kamida 2,1 ming nafar fuqaro halok bo‘lgani va 27,9 ming nafarga yaqin aholi jarohatlangani qayd etilgan. Shuningdek, 115 mingdan ortiq fuqarolik ob’ekti zarar ko‘rgani, 760 ga yaqin maktab va 315 ta tibbiy hamda favqulodda xizmat ob’ekti shikastlangan.
Eron rasmiylari esa aprel oyida urush boshlanganidan buyon 3 468 kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan. Eron sog‘liqni saqlash tizimidagilar esa urushdagi qurbonlar sonini 3,4 mingdan ortiq deb ko‘rsatgan. Inson huquqlarini monitoring qiluvchi Inson huquqlari faollari axborot agentligi (Human Rights Activists News Agency) esa boshqa metodologiya asosida urushning dastlabki bosqichlarida 3,6 mingdan ortiq o‘limni qayd etgan. Biroq
urush davom etayotgani tufayli yakuniy raqamni hozircha aniqlash qiyin.
Urushni asosan havo va dengiz kuchlari orqali olib borayotgan Vashington Tehrondan bir necha o‘n barobar kam zarar ko‘rayotgan bo‘lsa-da, shunga qaramay AQSH harbiylari orasida ham qurbonlar bor. 3 sentyabr holatiga ko‘ra, 18 nafar amerikalik harbiy xizmatchi halok bo‘lgan va 750 nafardan ortig‘i yaralangan. AQSHning eng og‘ir yo‘qotishlaridan biri urush boshlanganidan ko‘p o‘tmay yuz bergan. AQSH harbiylari joylashgan hududlarga dron va raketa hujumlari oqibatida harbiy xizmatchilar halok bo‘lgan. Shuningdek, mart oyida Iroqda KC-135 yonilg‘i quyuvchi samolyotining qulab tushishi oqibatida 6 nafar harbiy halok bo‘lgan.
AQSH Mudofaa vazirligining hisob-kitoblari bo‘yicha, yoz oylarida yarador harbiylar soni 770 nafardan oshgan. Biroq Pentagonning qurbonlarni hisoblash usulini o‘zgartirgani sababli raqamlar bo‘yicha ham ayrim chalkashliklar yuzaga kelgan.
Millionlab eronliklar uyini tark etdi
Urushning yana bir katta oqibati – majburiy ko‘chish. BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy agentligi (UNHCR) mart oyida 600 mingdan 1 milliongacha eronlik oila vaqtincha uyini tark etgani, bu esa 1,9 milliondan 3,2 milliongacha odam ko‘chganini bildirgan. Aholining katta qismi Tehron va boshqa yirik shaharlardan mamlakat shimoli hamda qishloq hududlariga ketgan. Bu jarayon Eron ichidagi ijtimoiy va iqtisodiy bosimni ham kuchaytirdi. Millionlab odamlar uy-joy, oziq-ovqat, tibbiy xizmat va transport masalalarida qo‘shimcha ehtiyojga duch keldi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘chirilgan aholining bir qismi toza suvdan foydalanishda ham muammoga duch kelgan.
Urushning ko‘lamini faqat qurbon bo‘lgan aholining soni bilan o‘lchash noto‘g‘ri. U ijtimoiy, maishiy xizmatlarni ham izdan chiqaradi. Masalan, BMTga oid ma’lumotlarda aprel oyining o‘rtalariga kelib Eronda 115 190 ta fuqarolik ob’ekti zarar ko‘rgani qayd etilgan. Ularning katta qismi turar joylar bo‘lgan. Shuningdek, 760 ga yaqin maktab, 315 ta tibbiy va favqulodda xizmat ob’ekti ham zarar ko‘rgan. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, 28 fevraldan buyon Eronda 229 ta tibbiyot markazi, 49 ta shifoxona, 78 ta farmatsevtika ob’ekti, laboratoriya va ombor zarar ko‘rgan.
Bundan tashqari, 56 ta tez tibbiy yordam bazasi zararlangan, 9 ta shifoxona evakuatsiya qilingan, 47 ta tez yordam mashinasi yo‘q qilingan, 10 ta boshqa tibbiy transport vositasi ham zarar ko‘rgan.
Butun yerliklarning AQSHga bo‘lgan nafratini qo‘zg‘atib yuborgan urushning ko‘rgiliklaridan biri – Minob shahridagi qizlar maktabiga berilgan zarba bo‘ldi. 28 fevral kuni “Shajarai Tayyiba” boshlang‘ich maktabi vayron bo‘lib, Eron rasmiylarining ma’lumotiga ko‘ra, kamida 150 kishi halok bo‘lgan. Qurbonlarning katta qismini bolalar va maktab xodimlari tashkil qilgan. Bu voqea urushdagi fuqarolik ob’ektlari xavfsizligi masalasini xalqaro kun tartibiga olib chiqdi. Urush davomida elektr energiyasi ta’minoti ham jiddiy zararlangan. Eronning elektr kompaniyasi iyul oyidagi hujumlardan keyin mamlakatning elektr ishlab chiqarish quvvatining taxminan 4 200 megavattlik qismi ishdan chiqqan, shuningdek 2 mingdan ortiq elektr uzatish va taqsimlash nuqtasi zarar ko‘rgan. Shuningdek, iyul oyida Jask port shahri yaqinidagi suvni tuzsizlantirish ob’ektiga berilgan zarba oqibatida nasos stansiyalari vayron bo‘lgan va yaqin atrofdagi 10 mingga yaqin aholi toza ichimlik suvisiz qolgan.
Qo‘shma shtatlar bu vaqtgacha Eronning janubiy qismidagi transport infratuzilmasini shikastladi. Bandar-Abbos shahri atrofida kamida 6 ta ko‘prik va tonnel zarar ko‘rgan. Temir yo‘l tuguni ham hujumga uchragan. Bu hudud Eronning Fors ko‘rfazi va Hormuz bo‘g‘ozi orqali savdo va harbiy yuklarini mamlakat ichki hududlari bilan bog‘laydigan asosiy markazlardan biri. Bandar-Abbosdagi Shahid Rajoiy porti Eron konteyner tashuvlarining qariyb 85 foizini qabul qiladigan muhim logistika markazi hisoblanadi. Shuningdek, kommunikatsiya infratuzilmasi ham zarar ko‘rgan. Bandar-Abbos va Hojiobod hududlarida 116 ta telekommunikatsiya minorasi ishdan chiqqan.
Urush qanchaga tushdi?
Harbiy zarbalarga qo‘shimcha ravishda AQSHning sanksiyalari va dengiz blokadasi Eron iqtisodiyotini yanada qiyin ahvolga tushirdi. Bandar-Abbosdagi Shahid Rajoiy portida savdo keskin kamaygan. Port yiliga 100 million tonnagacha yuk qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lsa-da, urush va blokada sababli uning faoliyati keskin pasaygan. Ayrim savdo va logistika tarmoqlarida ish o‘rinlari yo‘qolgan, oziq-ovqat importi ham qisqargan. Iyul oyida urushning AQSH byudjetiga tushgan xarajatlari kamida 37,5 milliard dollarga yetdi. Urush davom etgani sari AQSHning harbiy texnikasi, o‘q-dorilari va qo‘shinlarining tayyorgarlik imkoniyatlariga bosim ham kuchaymoqda. “Reuters” avgust oyida mojaro AQSH harbiy resurslarini sezilarli darajada zo‘riqtirayotganini qayd etgan. Avgust oyida Eronda inflyatsiya 66 foizga, oziq-ovqat narxlari esa 128 foizga yetgani haqida yozgan. Urushdan zarar ko‘rgan infratuzilma ishlab chiqarish va biznes faoliyatini ham susaytirgan. Ya’ni urushning zarari faqat bombalar tushgan joy bilan chegaralanmayapti, uning ta’siri do‘kon, zavod, port, transport, ish o‘rni va oddiy oilaning kundalik xarajatlarigacha yetib bormoqda.
Kuniga 3-4 marta ochilib yopiladigan, AQSH Prezidentini echki qasamga chiqargan Hormuz bo‘g‘ozi dunyo neftining qariyb beshdan bir qismi tashiladi. 9 sentyabr kuni Eron AQSH 5 ta Eron neft tankerini cho‘ktirganidan keyin bo‘g‘oz yaqinida 10 ta kemaga hujum qilganini bildirdi. AQSH esa bu harakatlarga qarshi zarbalarni davom ettirmoqda. U sababli Fors ko‘rfazidan neft eksporti urushdan oldingi darajaning taxminan uchdan ikki qismigacha tushgan. Avgust oyida eksport hajmi urushdan oldingi ko‘rsatkichga nisbatan kuniga qariyb 10 million barrelga kam bo‘lgan.
Bu esa jahon bozorida yonilg‘i narxlarining oshishiga olib keldi. 9 sentyabr kuni Brent markali neft narxi bir barrel uchun 100 dollardan oshdi. Bu iyul oyidan beri kuzatilmagan ko‘rsatkich edi. AQSHda ham benzin narxi rekord darajaga yaqinlashdi. Ko‘rib turganingizdek, Eron hududidagi urushning oqibati amerikaliklarning avtomobil bakiga ham yetib bordi.
Noyabrda urush tugaydi
Shunday vaziyatdan Donald Tramp foydalanib qolishga urinmoqda va u saylovoldi tashviqot nutqida AQSH Kongressiga saylovlar tugagach, yonilg‘i va neft narxlari keskin tushishini aytib iddao qilmoqda. Shuningdek, Tramp urushning tugash muddatini AQSH ichki siyosati bilan bog‘lab, 9 sentyabr kuni Vashington yaqinidagi Joint Base Andrews harbiy bazasida urush 3 noyabrda bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlardan so‘ng darhol tugashini aytdi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, Eron urushga bundan ortiq bardosh bera olmaydi. Uning aytishicha, Eron AQSHdagi saylovlarga ta’sir ko‘rsatishga urinmoqda.
“Urush saylovdan keyin tezda tugaydi, chunki ular endi bundan ortiq bardosh bera olmaydi. Ular saylovga ta’sir o‘tkazishga urinish uchun umidsiz ahvolda”, degan Tramp.
Shuningdek, AQSH Prezidenti Eron bilan muzokaralar o‘tkazish ehtimolini ham butunlay istisno qilmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar bo‘lishi mumkin, biroq hozirda Vashington bunday imkoniyatni ko‘rib chiqmayapti.
“Muzokara bo‘lishi mumkin, ammo hozir biz ko‘rib chiqayotgan masala bu emas”, degan u.
Tramp, shuningdek, AQSHning Eronga qarshi operatsiyalari davom etishiga ishora qilgan.
“Bundan ham ko‘prog‘ini ko‘rasiz”, dedi AQSH Prezidenti hujumlar haqida.
Masalaga boshqa tomondan qaraydigan bo‘lsak, AQSH Prezidentining urushni tugatish haqidagi gaplari kutilayotgan Kongress saylovi oldidan navbatdagi quruq va’da bo‘lishi ham mumkin. Urushning tugashini saylov bilan bog‘lab, va’da berayotgan odam Tramp bo‘lsa, u bungacha ham qop-qop va’dalarni bergan. AQSH yetakchisi ikkinchi bor prezidentlikka nomzodini qo‘ygan vaqtidagi saylovoldi dasturida Rossiya – Ukraina urushini ham bir yoqlik qilishga so‘z bergandi, ko‘rib turganingizdek Rossiya bilan Ukrainaning hali beri tinchish niyati yo‘q. Qo‘shimchasiga, Tramp aynan AQSH – Eron yarashayotgani haqida shu vaqtgacha naq 38 marta yolg‘on gapirgan. Bundan tashqari, u Afg‘oniston – Pokiston o‘rtasidagi kelishmovchilikka ham aralashib, masalani hal qilolgani yo‘q. Joriy yilning yanvar oyida Tramp tomonidan G‘azo sektorida tinchlik o‘rnatish maqsadida tuzilgan “Tinchlik” kengashi ham ishlayotgani yo‘q, jim bo‘lib ketdi. Hali hamon kuniga o‘nlab g‘azoliklar halok bo‘lmoqda.
Bularni ham qo‘ya turing, Eronning AQSHdagi saylovlarga ta’sir ko‘rsatishiga urinayotganini vaj qilib ko‘rsatayotgan Vashingtonning o‘zida ham bu optimizmga shubha bilan qarayotganlar bor. Oq uyning ayrim yuqori martabali amaldorlari mojaro Tramp prezidentligining oxirigacha, ya’ni 2029 yil yanvargacha davom etishi mumkinligidan xavotirda.
Jonga jon, qonga qon
Tehron esa AQSH bosimi kuchayganiga qaramay, urushni davom ettirishga tayyorligini bildirmoqda. Eron yuqori martabali rasmiysiga ko‘ra, mamlakat AQSHning dengiz blokadasi va neft tankerlariga qarshi hujumlariga qaramay ortga chekinmoqchi emas. Uning ta’kidlashicha, Eron iqtisodiy bosim tobora kuchayib borayotganini tan olmoqda. Shunga qaramay, mamlakat rahbariyati AQSH bilan urushni davlat mavjudligiga tahdid sifatida baholamoqda. Shu sababli Tehron uchun jangni davom ettirishdan boshqa imkoniyat deyarli qolmagan. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Eron urushning aprel oyida yakunlangan eng keskin bosqichidan keyin harbiy salohiyatini qayta tiklamoqda. Eron uzoq davom etadigan urush uchun yetarli miqdorda raketalarga ega. Tehronning pozitsiyasi shundan iboratki, AQSH Eron hududi va infratuzilmasiga zarba berishda davom etsa, Eron ham qarshi hujumlarni kuchaytiradi.
9 sentyabr kuni Xalqaro atom energiyasi agentligi boshqaruv kengashi Eronning yadroviy majburiyatlarini bajarmayotgani haqidagi masalani BMT Xavfsizlik Kengashiga yuborish uchun ovoz berdi. Qaror 23 ta ovoz bilan qo‘llab-quvvatlangan, Rossiya, Xitoy va Niger esa qarshi chiqqan. Eronning yadroviy nazorat bo‘yicha vakili esa qaror AQSH bosimi ostida qabul qilinganini aytib, uning “hech qanday asosi yo‘q va hech qanday natija bermaydi” degan fikrni bildirdi. Shu sababli urush tugasa ham, Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha mojaro avtomatik ravishda tugashi kutilmayapti.
Trampning davri tugayapti(mi?)
Eron bilan urush AQSH prezidentining Respublikachilar partiyasi uchun tobora jiddiy siyosiy muammoga aylanmoqda. Partiya kuzda Vakillar palatasi va Senatdagi o‘rinlarning bir qismini boy berishi mumkin. Avgust oyining oxirida Massachusets Amxerst universiteti tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, amerikaliklarning 68 foizi Trampning urushni olib borishidan norozi. 1 sentyabrda yakunlangan NBC News so‘rovnomasida esa Trampning Eron siyosatini ma’qullaganlar atigi 31 foizni tashkil etgan. Ko‘rinib turganidek, uning xalqaro reytingi pasaymoqda, amerikaliklar esa urush va yashash xarajatlarining oshishidan norozilik bildirmoqda. Shu vaziyatda Tramp Respublikachilar partiyasining noyabr oyidagi saylovlarda g‘alaba qozonishi uchun faol kampaniya olib bormoqda. U Dallasdagi Respublikachilar tadbirida yana bir noodatiy va’dani ham berdi: agar Respublikachilar Kongress ustidan nazoratni saqlab qolsa, har bir voyaga yetgan amerikalikka 5 ming dollardan “Tramp dividendi” to‘lashini aytdi. Ya’ni AQSH rahbari ovozlarni sotib olmoqchi. AQSHda taxminan 270 million voyaga yetgan aholi borligi hisobga olinsa, bunday dastur nazariy jihatdan 1,35 trillion dollar atrofida mablag‘ talab qilishi mumkin. Biroq mablag‘ni qanday moliyalashtirish, kimlarga berish va bunday to‘lovning qonuniy mexanizmi hozircha aniq emas. Tramp Dallasdagi Respublikachilar partiyasining milliy quriltoyida nutq so‘zlar ekan, qurultoyga kelgan mehmonlar ro‘yxati prezidentning siyosiy mavqei pasayayotganini ham ko‘rsatyapti. Masalan, Senatdagi ko‘pchilik yetakchisi Jon Tun qurultoyda nutq so‘zlamadi. Bu Trampning Janubiy Dakota senatoridan prezident kun tartibidagi ayrim masalalar ortga surilayotgani sababli noroziligi bilan bog‘liq ekani qayd etilgan. AQSHdagi eng keskin kurash kechayotgan saylovlarda ishtirok etayotgan ayrim nomzodlar ham asosiy sahnaga chiqishdan bosh tortgan. Ular orasida Men shtatidagi respublikachi senator Syuzan Kollinz, Ayova shtatida Senat uchun kurashayotgan kongressmen Eshli Xinson va Nyu-Gempshir shtatidagi Senat saylovida respublikachilar nomzodi Jon Edvard Sununu ham bor.
Siyosiy tahlilchilarning aksariyati Demokratlar Vakillar palatasidagi nazoratni qayta qo‘lga kiritishini kutmoqda. Senat uchun esa kurash ancha murakkab bo‘ladi.
Qatar sovg‘a qilgan samolyot Trampga yana pand berdi
Joriy yilning 7-8 iyul kunlari Turkiya poytaxti Anqarada NATO davlatlari rahbarlarining sammitida AQSH rahbari ham qatnashgandi. O‘sha sammitga Tramp, tillarda doston bo‘lgan yangi - taxminiy bozor qiymati 900 million dollarlik Qatar Amiri tomonidan sovg‘a qilingan uchoqda borgandi. U Vashingtonga qaytish chog‘ida suiqasd uyushtirilishi tahdidi sababli, xavfsizligiga shubha qilib, mazkur hashamatli samolyotida emas, balki United Airlines kompaniyasi bortida, o‘zining eski samolyotida qaytgandi. 9-sentyabr kuni ham Trampning saylovoldi tashviqot tadbirlari uchun Texasga safari chog‘ida ham ushbu – Air Force One samolyotining favqulodda evakuatsiya zinapoyasi ochilib ketdi va shu sabab safar kechikdi. Jurnalistlar samolyotning parvoz uchun qanchalik xavfsizligi haqida so‘raganida, Tramp quyidagicha javob berdi:
“Ha, men xavfsiz deb hisoblayman. Aks holda uning ichida bo‘lmagan bo‘lardim”, degan u.
Voqeadan bir necha daqiqa o‘tib, favqulodda zinapoya samolyotdan olib tashlanayotgani ko‘ringan.
Xullas, o‘zini yaxshi ko‘rsatishga tish-tirnog‘i bilan tirishayotgan Tramp boshchiligidagi Respublikachilar qanday yo‘l bilan bo‘lmasin, haqiqatning yaqiniga ham yo‘lamaydigan va’dalar berib bo‘lsa ham Kongressdagi o‘rnini va Qo‘shma Shtatlardagi tushib ketgan mavqeini saqlab qolishga urinmoqda. Shu sababdan ham AQSH rahbari bu yo‘lda eng zo‘r ishlaydigan yechim – nafaqat amerikaliklar, balki dunyo aholisini zada qilib yuborgan va yakuni intizorlik bilan kutilayotgan urushni tugatish haqidagi propagandadan foydalanyapti deyish mumkindir, balki. Noyabrga ham oz qoldi, urush rostdan tugashi yoki tugamasligini, neft narxlarining oshishi yoki tushishini esa vaqt ko‘rsatadi.
Live
Barchasi