Urush maydonida qolayotgan o‘zbekistonliklar qay ahvolda? Ular qanday qaytmoqchi? (intervyu)

Intervyu

Ukrainadagi vaziyat daqiqa sayin jiddiy tus olmoqda. Anchadan buyon mamlakat tevaragida kuzatilayotgan tahlikali vaziyat 24 fevraldan uning ichiga ham daxl qilishni boshladi. Ukrainaning eng yirik shaharlari – Xarkov va Kiyev dahshatli manzara qamrovida qolgan. Odamlar sumkalarini olib uyoqdan buyoqqa qochmoqda. Yashirinish uchun eng maqbul joy – metro stansiyasi va yerto‘lalar bo‘lmoqda. Biroq bu ham qo‘rquvni aritayotgani yo‘q. Mamlakat allaqachon oziq-ovqat muammosi yuzaga kelgan. 

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga ishonilsa, Ukrainada 4300 dan ortiq fuqarolar bor. Ularning aksariyati talabalar. QALAMPIR.UZ voqealarning asosiy nuqtasi bo‘lgan Xarkovda qolayotgan o‘zbekistonliklarni topdi. Xarkov milliy texnika universiteti 4-bosqich talabasi Xushnud O‘tkirov bilan suhbatni aslida kecha, 24 fevral kuni taqdim etishimiz kerak edi. Biroq suhbatga tayyorgarlik ko‘rayotganimizda Xushnuddan "Uzr. bizni zudlik bilan evakuatsiya qilishyapti, metro stansiyasiga kirib ketyapman", degan SMS keldi. Shung so‘ng, Xushnud aloqaga chiqmadi. Bugun, 25 fevral kuni soat 06:00 da u yana yotoqxonaga qaytdi va QALAMPIR.UZ bilan metroda o‘tgan tun tafsilotlarini bo‘lishdi. 

Ushbu videointervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ'ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Quyida esa intervyuning matni bilan tanishish mumkin. 

Qamariddin Shayxov, jurnalist: — Ukrainada vaziyat qanday?

Xushnud O‘tkirov, Ukrainadagi o‘zbekistonlik talaba: — Hozir Xarkovda ahvol juda yomon deb bo‘lmaydi. Biz ayni damda yotoqxonamizga qaytganmiz.

Q.Sh.: — O‘zbekistonliklar bilan vaziyat qanday?

X.O‘.: — Hozir Xarkov milliy texnika universitetida o‘qiydigan barcha o‘zbekistonlik talabalar va boshqa universitetda o‘qiydigan o‘zbeklar ham bizning yotoqxonamizda.

Q.Sh.: — Kecha siz bilan intervyu qilishimiz kerak edi. Sizlarni zudlik bilan metroga evakuatsiya qilishayotgani haqida aytdingiz. Kecha metro stansiyasida tunadingizmi?

X.O‘.: — Kecha O‘zbekiston vaqti bilan 15:30 larda bizga barcha talabalar yotoqxonamizga yaqin bo‘lgan Pushkin metro bekatiga evakuatsiya qilinishi kerakligi haqida xabar berishdi. Evakuatsiya xavfni oldini olish maqsadida amalga oshirilgan edi. Hamma talabalar tonggacha metro bekatida qoldik.

Q.Sh.: — Pushkin bekatida siz bilan birga qancha o‘zbekistonlik talabalar bor edi?

X.O‘.: — 25 ga yaqin.

Q.Sh.: — Sizlar bilan mahalliy aholi vakillari ham bormidi? Yoki faqat chet el fuqarolari evakuatsiya qilindimi?

X.O‘.: — Albatta, nafaqat talabalar, balki mahalliy aholi ham bor edi. Evakuatsiya jarayonlari ham majburiy amalga oshirilmadi. Hatto, yotoqxonada tunaganlar ham bo‘ldi. Metroda bir muncha himoyada bo‘lamiz deb kursdoshlar bilan shu yerda qolishni to‘g‘ri deb bildik.

Q.Sh.: — OAVga ko‘ra tinch aholi vakillari oziq-ovqat mahsulotlarini g‘amlashni boshlagan. Banklarda ham naqd pul olish uchun turnaqator navbatlar yuzaga kelgan. Vaziyat haqiqatan vahimalimi?

X.O‘.: — Oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilish, bankomatdan pul yechish bilan bog‘liq navbatlar mavjud. Lekin navbatlar vahima qiladigan darajada emas. Ko‘pchilik o‘ziga kerak mahsulotni xarid qilish bilan kifoyalanyapti. Bugun Ukrainada chiroyli holat bo‘lmasa-da, mahalliy fuqarolar, qolaversa, chet el fuqarolari ham tartib bilan ish ko‘rishyapti.

Q.Sh.: — Kecha QALAMPIR.UZ’ga yo‘llagan videolaringizdan ayon bo‘lishicha odamlar chamadonlar, yirik-yirik sumkalar bilan metro stansiyasida qolishgan. Siz ham o‘zingiz bilan kerakli buyumlar oziq-ovqat mahsulotlarini olgamidingiz yoki oziq–ovqatlar hukumat tomonidan tarqatilyaptimi?

X.O‘.: — Oziq-ovqat mahsulotlari hukumat tomonidan berilmayapti. Kimdir qo‘l sumkasi, kimdir chamadondan bilan metroga tushgan. Hamma birinchi navbatda eng zarur buyumlarini olgandi. Bu – pasport va boshqa kerakli hujjatlar, shu bilan birga, oziq-ovqat, zarur kiyimlar va gigiyenik vositalar

Q.Sh.: — Evakuatsiya talabmi yoki ixtiyoriy jarayon? Balki bu fuqaro mudofaasi tomonidan qo‘yilgan talabdir.

X.O‘.: — Evakuatsiya jarayoni ikki marta amalga oshirildi. Kecha sizlar bilan bog‘lanolmay qolgan vaqtimizda haqiqatan ham evakuatsiya qilish masalasida buyruq keldi. Metroda 4 soatcha bo‘ldik va portlash ovozlari eshilmaganidan so‘ng, yuqoriga chiqdik. Bu aslida himoyalanish uchun edi. Aslida shaharda ijtimoiy tarmoqlardagi kabi vahima mavjud emas.

Q.Sh.: — Talabalar va mahalliy aholi metrodan boshpana izlagan bir vaqtda, metrolar o‘z faoliyatini davom etirdimi?

X.O‘.: — Yo‘q. Bu holatda metro umuman yurgani yo‘q. Aksincha, metroda tunaganlar uchun sharoit yaratildi.

Q.Sh.: — O‘zbekiston elchixonasi, konsullik qanday ishlar bilan band? Ular sizlar bilan bog‘lanib, huquqiy yoki biror vositalar uchun yordam berishyaptimi?

X.O‘.: — Bu holat yuzaga kelgach, biz O‘zbekiston elchixonasiga aloqaga chiqdik. Elchixona Kiyevda joylashgan. Xarkov va Kiyev o‘rtasidagi masofa o‘rtacha 500 km. Yo‘ldagi tirbandliklar sababli elchixona vakillarining Xarkovga yetib kelishlari ozgina qiyin bo‘ldi. Boshqa universitet talabalari bilan suhbatda bo‘lib, talabalar Lvov hududiga yetib borishsa, elchixona vakillari barchani Polsha davlatidan O‘zbekistonga yuborish rejasi borligini aytishgan.

Q.Sh.: — Hozir elchixona bilan muloqot qilyapsizlarmi? Xavf Ukraina ostonasiga yetib kelayotganda ko‘p mamlakatlar aholisini ogohlantirdi. Elchixonadagi diplomatlarni olib chiqib ketishdi. Fuqarolarga esa Ukrainaga bormaslik yoki u yerni tark etish tavsiya etilgan edi. 30 ga yaqin mamlakatlar shu kabi harakatlarni ikki uch hafta oldindan boshlagandi. O‘zbekiston juda vazminlik bilan vaziyatga baho berayotgandi. Birdaniga urush boshlanib ketdi. Bu vaziyatda ham elchixonadagilar vazminmi?

X.O‘.: — Bunday bo‘lishini hech kim bilmagan edi.

Q.Sh.: — Bu urush xavfi haqida dunyo bong urayotgan edi.

X.O‘.: — Elchixona oldindan Ukrainani tark etishimiz kerakligi haqida aytmadi. 23 fevral kuni kim xohlasa Ukraina hududini tark etishi mumkinligi haqida aytishdi va biz ulgurmay qoldik. Sababi 24 fevral kuni urush boshlanib ketdi va havo yo‘llari yopilib qoldi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

119

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing