Urush qishda ham davom etadi – Zelenskiy

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy urush qishda ham davom etishi mumkinligini aytdi. Bu haqda u kecha, 6 sentyabr kuni Kiyevga kelgan AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner bilan uchrashuvdan so‘ng ma’lum qildi.

Zelenskiyga ko‘ra, Ukraina yangi ehtimoliy hujumlar va qish sharoitlariga tayyorgarlik ko‘rishda davom etmoqda. Shu sababli, muzokaralar bilan bir qatorda Ukraina havo hujumidan mudofaasini kuchaytirish, energetika infratuzilmasini himoya qilish hamda aholining qish oylaridagi ehtiyojlarini ta’minlash masalalari ham muhim bo‘lib qolmoqda.

Shuningdek, Zelenskiy uchrashuvda AQSH Prezidenti Donald Tramp muzokaralarda yetakchi rolni o‘z zimmasiga olishi Ukraina uchun nihoyatda muhim ekanini ta’kidlagan. Shuningdek, u urushni shunchaki to‘xtatish emas, balki Rossiyaning kelajakda Ukrainaga yana hujum qilish imkoniyatini istisno etadigan “adolatli tinchlik”ka erishish zarurligini aytgan.

“Biz og‘riq va o‘limni istamaymiz. Bu urush adolatli tarzda va Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuz qilish imkoniyati qolmaydigan tarzda yakunlanishini istaymiz”, degan Zelenskiy.

Zelenskiy diplomatik tashabbuslarga qaramay, urush yaqin vaqt ichida yakunlanmasligi mumkinligiga ham e’tibor qaratgan. Ukraina rahbari urush butun qish davom etishi ehtimolini qayd etib, mamlakat yangi hujumlar va og‘ir qish sharoitlariga tayyorgarlikni davom ettirayotganini bildirgan.

Bundan tashqari, Zelenskiy Rossiya, Ukraina va AQSH ishtirokida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazishni istashlarini bildirgan.

Trampning maxsus vakili Jared Kushner esa AQSH Prezidenti Donald Trampning maqsadi shunchaki urushni to‘xtatishdan iborat emasligini aytgan. Kushner Ukrainada uzoq muddatli tinchlikni ta’minlash uchun sharoit yaratish zarurligini ta’kidlab, kelgusidagi kelishuvlar yangi urush boshlanishi ehtimolini istisno qilishi kerakligini bildirgan.

Kushner, shuningdek, Ukraina urush yillarida namoyon qilgan kuchi va ijodkorligini mamlakatni rivojlantirishga yo‘naltirish imkonini beradigan jarayon ustida ishlayotganlarini aytgan.

Stiv Uitkoff esa Zelenskiy bilan uchrashuvni “juda samarali” deb baholab, muzokaralarni davom ettirishga tayyor ekanini bildirgan.

“Biz ruhlandik va qancha vaqt talab qilinsa, shuncha vaqt ishlashga tayyormiz”, degan u.

Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff va kuyovi Jared Kushner joriy yilning 5–6 sentyabr kunlari Moskvaga, shundan so‘ng Kiyevga borishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi. Shundan so‘ng, AQSH Prezidenti Donald Tramp ular Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni yakunlash bo‘yicha tinchlik kelishuviga erishish uchun xorijga yo‘l olishini ma’lum qilgan. Joriy yilning 5 sentyabr kuni ular Moskvaga yetib borgan edi. Shundan so‘ng, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSH Prezidenti Donald Trampning vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner bilan muzokara o‘tkazgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing