“Urush harakati”. Bayden Eronni Trampga suiqasd qilishdan ogohlantirdi
Olam
−
12 Oktabr
4411AQSH Prezidenti Jo Bayden Milliy xavfsizlik kengashiga Eron hukumatini Vashington Tehronning AQSHning sobiq prezidenti va bu lavozimga nomzod Donald Tramp hayotiga bo‘lgan har qanday suiqasdga urinishni urush harakati sifatida ko‘rishi haqida ogohlantirishni topshirdi. Bu haqda kecha, 11 oktyabr kuni “The Washington Post” xabar berdi.
Xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Shon Savettning aytishicha, Bayden "barcha resurs"ni Trampni himoya qilish va razvedka idoralari unga tahdidlar haqida ma’lumot berishini ta’minlashga bag‘ishladi.
"Biz buni milliy xavfsizlik masalasi deb hisoblaymiz va Eronni bu shafqatsiz tahdidlar uchun qattiq qoralaymiz. Agar Eron har qanday fuqarolarimizga, shu jumladan AQSHga xizmat qilishda davom etayotgan yoki ilgari xizmat qilganlarga hujum qilsa, bu Eron uchun jiddiy oqibatlarga olib keladi", deb ta’kidladi u.
Avgust oyi boshida AQSH rasmiylari amerikalik siyosatchilarga suiqasd uyushtirish fitnasini Eron bilan muvofiqlashtirganini e’lon qilgan edi. Fitna ishtirokchilarining nishonlaridan biri Donald Tramp bo‘lishi kerak edi. Tehron Trampga qarshi fitnaga aloqadorlik va AQSHdagi saylov kampaniyasiga aralashish kabi ayblovlarni rad etdi.
“Trampning saylovoldi kampaniyasi bo‘yicha jamoasi saylov kampaniyasining so‘nggi haftalarida siyosatchining parvozlari uchun AQSH ma’muriyatidan harbiy samolyotlar so‘ragan”, deb yozadi WP maktublar va manbalarga tayanib.
Tramp saylovoldi kampaniyasi, shuningdek, uning qarorgohlari va mitinglari ustidan parvozlarga cheklovlarni kengaytirishni, yettita shtatdagi nutqlarda o‘q o‘tkazmaydigan oynadan ko‘proq foydalanishni va Trampni tashish uchun bir qator boshqa harbiy mashinalarni so‘radi.
"So‘rovlar g‘ayrioddiy va misli ko‘rilmagan - yaqin tarixda birorta nomzod saylov oldidan harbiy samolyotlarda olib kelingani yo‘q", deb yozadi gazeta.
Yangi so‘rovlar Tramp saylovoldi tashviqoti bo‘yicha maslahatchilar Eron hali ham uni o‘ldirishga faol tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida ma’lumot olganidan keyin paydo bo‘ldi. AQSHning yuqori martabali mulozimlarining nashrga aytishicha, joriy razvedka ma’lumotlariga asoslanib, Tramp kampaniyasi harbiy samolyotlar bilan ta’minlanishi dargumon. Trampning saylovoldi tashviqoti Maxfiy xizmatga sobiq prezidentning xavfsizligini yetarli darajada ta’minlay olmaganidan shikoyat qilgan.
"Mudofaa vazirligi muntazam ravishda sobiq prezidentga mudofaa, jumladan, portlovchi moddalarni yo‘q qilish, itlar bo‘linmalari va havo yuklarini tashish bo‘yicha yordam ko‘rsatadi”, dedi Maxfiy xizmat vakili.
Bundan tashqari, sobiq prezident eng yuqori darajadagi texnik xavfsizlik uskunalari, jumladan, uchuvchisiz uchish apparatlari, uchuvchisiz havo kuzatuvi tizimlari, ballistika va boshqa ilg‘or texnologik tizimlarni oladi.
Ma’lumot uchun, 13 iyul kuni Pensilvaniya shtati Butler shahrida Tramp saylovoldi kampaniyasi vaqtida 20 yoshli mahalliy fuqaro siyosatchiga qarata o‘q uzdi. O‘q siyosatchining qulog‘iga tegib ketgan. Tramp shifoxonaga yotqizilgan va u yerda davolangan. Otishma oqibatida 50 yoshli miting ishtirokchisi halok bo‘ldi, yana ikki kishi yaralandi. Hujumchi xavfsizlik kuchlari tomonidan otib o‘ldirilgan.
Ikkinchi urinish 15 sentyabr kuni Floridadagi golf klubida sodir bo‘ldi. Shundan so‘ng hujumchi o‘sha paytda golf o‘ynayotgan Trampga miltiqni panjaradan o‘tkazgan. Tergov davomida prokuratura, uning fikricha, Trampga rejalashtirilgan suiqasd faktini tasdiqlovchi dalillarni taqdim etdi. Gumonlanuvchining “Donald Trampga suiqasd uyushtirishga urinish”ga shama qilgan xati, shuningdek, Tramp nutqlari uchun sana va joylarning qo‘lyozma ro‘yxati topildi.
Hujum qilgani taxmin qilinayotgan shaxs hozircha o‘z aybini tan olmadi. Advokatlar uni garov evaziga qo‘yib yuborishga urinib ko‘rishdi. U umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
LiveBarchasi