Urug‘-aymog‘chilikka qarshi yangi qonun qabul qilinadi
Jamiyat
−
26 iyul 2022
21832O‘zbekistonda “Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish to‘g‘risida”gi yangi qonun qabul qilinishi kutilyapti. Kecha, 25 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida mazkur qonun loyihasi muhokama qilindi. Bu haqda quyi palata Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ko‘plab qonun hujjatlarida manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida tushunchalar berilgan bo‘lsa-da, davlat organlari va muassasalarida ularni amalga oshirish hamda nazorat qilishning aniq mexanizmlari yaratilmagan. Hatto vakolatli organ ham belgilanmagan.
Shuningdek, bu boradagi talablarni buzganlar qonunchilikka muvofiq javobgar bo‘lishi belgilangan bo‘lsa-da, javobgarlik masalalari nazarda tutilmagan. Bu esa davlat tashkilotlarida korrupsiyaning yanada avj olishiga, ayrim rahbarlarning yaqinlari manfaatlarini ko‘zlab, davlat va jamiyat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilishiga sabab bo‘lmoqda.
Birgina 2021 yilda davlat xaridlari jarayonida 763 ta holatda 971,1 mlrd so‘mlik bitimlarda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan.
“Albatta, bunday holatlarning oldini olish mumkin edi. Ammo amaldagi qonunlarimizda bunga qarshi aniq mexanizmlar bo‘lmagani bois, shunday holatlar borgan sari ko‘paymoqda”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, qonun loyihasi 5 ta bob, 32 ta moddadan iborat. Mazkur hujjat bilan manfaatlar to‘qnashuvi tushunchasi, davlat xizmatchilarining majburiyatlari hamda uni tartibga solish bo‘yicha aniq mexanizmlar nazarda tutilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyevga ko‘ra, yangi qonun bilan manfaatlar to‘qnashuvi deganda davlat tashkiloti xodimining, uning yaqin qarindoshlarining va unga aloqador shaxslarning shaxsiy manfaatlari bilan fuqarolarning, tashkilotning yoki davlatning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelgan va kelayotgan (mavjud manfaatlar to‘qnashuvi) yoxud yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan (taxmin qilinayotgan manfaatlar to‘qnashuvi) vaziyat tushunilishi belgilanmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.
“Ko‘plab cheklovlar qatorida qonun bilan davlat tashkiloti xodimlariga o‘zi faoliyat yuritayotgan davlat tashkilotida o‘zining, yaqin qarindoshlari yoki unga aloqador shaxslarga taalluqli ishlarni ko‘rib chiqishda vakil sifatida ishtirok etish ta’qiqlanmoqda”, deyiladi xabarda.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingan.
LiveBarchasi