Ursula fon der Lyayen Yevropa farovonligi Xitoyga bog‘liq ekanini tan oldi

Olam

image

Bugun, 30 mart kuni Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen Yevropa Ittifoqining iqtisodiy farovonligi va milliy xavfsizligi Xitoy bilan munosabatlarning tabiatiga bog‘liq ekanini ma’lum qildi.  Bu haqda u Merkator xitoyshunoslik institutida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi.

“Xitoy bilan munosabatlarimizni qanday hal qilishimiz iqtisodiy farovonligimiz va milliy xavfsizligimizni hal qiluvchi omil bo‘ladi”, degan fon der Lyayen.

Shuningdek, u Xitoyning Ukrainadagi mojaro bo‘yicha pozitsiyasi Yevropa Ittifoqi va Xitoy munosabatlari uchun hal qiluvchi omil bo‘lishini aytgan. Yevrokomissiya rahbari Yevropa Ittifoqi Xitoy bilan aloqalarni qisqartirishdan emas, balki muvozanatni tiklashdan manfaatdor ekanini ta’kidlagan.

“Yevropa Ittifoqi Xitoy bilan munosabatlarni qisqartirishdan manfaatdor emas. Eksportimizning 9 foizi va importning 20 foizi Xitoyga to‘g‘ri keladi. Lekin biz bu munosabatlarning xatarlarini qayta ko‘rib chiqishimiz, ularni yanada raqobatbardosh va adolatli qilishimiz hamda bu munosabatlarning yo‘nalishini o‘zgartirishimiz kerak”, degan Yevrokomissiya rahbari.

Fon der Lyayen Xitoy bilan munosabatlarni stress sinovidan o‘tkazishini, bu orqali Yevropa mazkur mamlakatga qaysi sohalarda qay darajada qaramligini aniqlashini bildirgan. Uning aytishicha, Yevropa Ittifoqi noyob metallar bo‘yicha 98%, litiy bo‘yicha 97% va magniy bo‘yicha 93% Xitoyga bog‘liq. Yashil texnologiyalarni rivojlantirmoqchi bo‘lgan Yevropa Ittifoqi uchun esa ushbu ta’minot juda muhim. Shuning uchun ham Yevroittifoq mazkur ta’minotni faol diversifikatsiya qilish niyatida.

Bundan tashqari, Ursula fon der Lyayen o‘z chiqishida Yevropa Ittifoqi Xitoyni o‘zining yangi dunyo tartibini ilgari surish niyatida, deb hisoblashini ham yashirmagan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Ursula fon der Lyayen Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan joriy yilning aprel oyi boshida Xitoyga borishi aytilgandi. Aprel o‘rtalarida esa Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Jozep Borrel Pekinga borishi ma’lum bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi Xitoy Ursula fon der Lyayen Evropa Komissiyasi Pekin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing