Ursula fon der Lyayen yana Ukrainaga olam-olam va’dalar berdi

Olam

image

Ukraina Yevropa integratsiyasi uchun uzoq yo‘l kutmoqda, ammo Bryussel bu masalada zarur yordamni ko‘rsatishda davom etadi. Bu haqda Yevrokomissiya Prezidenti Ursula fon der Lyayen Oliy Radada (Ukraina parlamenti – tahr.) videokonferensiya orqali chiqishida ma’lum qildi. 

Lyayenning ta’kidlashicha, Rossiya ukrainaliklarni o‘ldirishda, shaharlarni bombalashda va don o‘g‘irlashda davom etmoqda. 

“Qanchalik uzoq bo‘lmasin, biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz. Yevroittifoq siz g‘alaba qozonmaguningizcha tinchlanmaydi”, deb ishontirdi Yevropa Komissiyasi rahbari. 

U Ukrainaning demokratik institutlari urush paytida ham o‘z faoliyatini davom ettirganini olqishladi. 

Yevrokomissiya rahbari Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun arizasi Rossiya bosqinidan bir necha kun o‘tib kelganini, Kiyev rekord vaqt ichida kerakli ma’lumotlarni zudlik bilan taqdim etganini eslatdi. 

"Bugun ushbu tarixiy burilish nuqtasini, qat’iyat g‘alabasini nishonlash kunidir", deydi fon der Lyayen. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning tiklanishi va Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayoni bilan parallel ravishda davom etadi. 

“Bugun men bitta xabar bilan keldim. Sizda uzoq yo‘l bor, lekin YeI urushning qora kunlaridan tortib, Ukraina Ittifoqqa a’zo bo‘lgunga qadar har qadamda siz bilan birga bo‘ladi. Men Ukrainaning Yevropadagi kelajagiga ishonaman. Buning yagona sababi ukrainaliklarning qat’iyatidir”, deya ta’kidladi Yevrokomissiya rahbari. 

Yevropa Kengashi 23-24 iyun kunlari bo‘lib o‘tgan yetakchilar sammitida Ukrainaga Yevropa Ittifoqiga nomzod davlat maqomini berdi.

Bugun, 1 iyul kuni Prezident Vladimir Zelenskiy, Bosh vazir Denis Shmigal va Oliy Rada spikeri Ruslan Stefanchuk Yevropa Ittifoqiga to‘laqonli a’zolikka erishish bo‘yicha Qo‘shma bayonotni imzoladilar.


Maqola muallifi

Teglar

Ursula fon der Lyayen

Baholaganlar

137

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing