O‘rgimchak va chigirtkalarning noyob turlari topildi
Bu qiziq
−
05 iyun 2139 2 daqiqa
Angoladagi Lisima platosiga joriy yilning fevral oyida uyushtirilgan ekspeditsiya davomida yovvoyi tabiatni muhofaza qilish tashkiloti olimlari ninachining 8 ta, chigirtkaning 3 ta yangi turini hamda ultrabinafsha nurlari ostida tovlanuvchi o‘rgimchakni kashf etdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Angolaning Lisima platosida olib borilgan ilmiy tadqiqotlar davomida tabiatni muhofaza qilish guruhi ekspertlari Afrikaning to‘rtta yirik daryosi – Kongo, Okavango, Zambezi va Kuanzani suv bilan ta’minlaydigan hududlarni ko‘zdan kechirgan. Ma’lum bo‘lishicha, u yerdan nafaqat ninachi va chigirtkalar, balki yorqin ranglardagi 60 ga yaqin ilgari fanga ma’lum bo‘lmagan kapalak va kuyalar ham topilgan.

Yangi kashf etilgan jonzotlar orasida sovut bilan himoyalangan yirtqich chigirtka, mis rangli katerpillar kapalak qurti va uning voyaga yetgan kapalak shakli, shuningdek, ultrabinafsha nuri ostida porlaydigan tojli krab-o‘rgimchak alohida e’tiborni tortgan.
Bundan tashqari, olimlar to‘q sariq rangli yangi o‘rgimchak turini ham aniqlagan. Bu jonzot o‘zining yorqin rangi bilan xonqizini eslatadi va yirtqichlarga o‘zining juda achchiq yoki zaharli ekani haqida ogohlantiruvchi signal beradi.
“Sovutli chigirtkalar juda ajoyib, ko‘rinishidan juda vajohatli. Himoya mexanizmi sifatida ular o‘zlariga hujum qilmoqchi bo‘lgan har qanday jonzotga suyuqlik purkash xususiyatiga ega”, deydi ekspeditsiya rahbari Rob Teylor.
Qayd etilishicha, bugungi kunda butun dunyo olimlari global ekologik inqiroz tufayli millionlab o‘simlik va hayvon turlari yo‘q bo‘lib ketish yoqasida turgan bir paytda, yangi turlarni tezroq ro‘yxatga olishga harakat qilmoqda. Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyoda jami 8,7 million tur mavjud bo‘lib, fan ularning atigi 1,5 millioninigina aniqlagan, xolos. Tahlillarga ko‘ra, 1500 yildan beri inson faoliyati tufayli 800 dan ortiq hayvon turi butunlay yo‘q bo‘lib ketgan.

Rob Teylorning aytishicha, Lisima platosidagi yovvoyi tabiatga hozirgi kunda daraxtlarni kesish, o‘rmonlarning kamayishi, olmos qazib olish sanoati hamda yerlarni dehqonchilik uchun yondirib ochish usullari jiddiy xavf tug‘dirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yo‘qolib ketgan mamontlar va boshqa hayvonlarni “qayta tiriltirish” loyihalari bilan tanilgan AQSHning Colossal Biosciences biotexnologik startapi mutaxassislari sun’iy tuxumlardan 26 ta jo‘jani muvaffaqiyatli chiqargan edi.
Live
Barchasi