Qashqadaryodagi dalalarni chigirtka bosgani aytilmoqda
Jamiyat
−
31 may 2022
10043Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanidagi Otqamar qishlog‘ini chigirtka bosgani haqida xabarlar tarqaldi. O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Matbuot xizmati holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, voqea joyida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi hamda Chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmati tomonidan o‘rganishlar olib borilgan.
Aniqlanishicha, tarqalgan tasvirdagi chigirtkalar mahalliy va marokash turiga oid bo‘lib, mahalliy chigirtka ekinlarga xavf solmaydi. Marokash chigirtkasiga qarshi esa mavsumda uyg‘unlashgan himoya chora tadbirlari o‘tkazib kelinadi.
Ma’lum qilinishicha, bugungi kunga qadar Qashqadaryo viloyatida 87 980 gektar, shu jumladan Dehqonobod tumanida 16 222 gektar maydonda zararli chigirtkaga qarshi kurash ishlari olib borilgan. Mazkur zararkunandalarga qarshi kurash bo‘yicha agrotexnik tadbirlar olib borilmoqda. Xususan, hududda 25 ta traktor purkagichlari, 6 ta UMO-purkagichli maxsus avtomashina, 1 ta tritsikl jalb etilgan bo‘lib, shuningdek qo‘l apparatlari yordamida ham zararsizlantirish jarayonlari davom etmoqda.