Qozog‘iston dalalariga chigirtkalar hujum qildi
Olam
−
03 iyul 2023
6509Qozog‘istonning Qo‘stanay viloyatidagi janubiy ikki tumanida joylashgan dalalarga chigirtkalar hujum qildi. Katta hajmdagi hasharotlar to‘dasi daladagi o‘simliklarni to‘liq zararlagan. Bu haqda “Tengrinews.kz” nashri xabar berdi.
Qozog‘istonning Qishloq xo‘jaligi vazirligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil hosil yetishtirishda ancha katta muammolarga duch kelinmoqda.
“Bu yil hosil yetishtirishda qiyin ahvolda qoldik. Bunga birinchi sabab 10 ming gektarga yaqin yerni oyoq osti qilgan kiyiklar muammosi bo‘lsa, hozir esa chigirtkalar. Bu yil 10500 gektar maydonga ekilgan hosilni chigirtkalar yeb yubordi”, deydi vazirlik vakili.
Jabr ko‘rgan aholining so‘zlariga ko‘ra, davlat bu borada chora ko‘rmayapti, hatto, bundan oldingi holatlarda ham faqatgina mahalliy aholi tomonidan chora ko‘rilgan.
“Bu muammoda bizga hech kim yordam bermaydi, turli organlarga murojaat qildik. Kecha bitta bo‘linma keldi, shunda ham zararkunandalarni ta’qib qilish uchun zarur kimyoviy moddalar yo‘q, samolyotda esa yoqilg‘i. Kiyiklardan o‘zimiz himoya qildik, endi chigirtkalar yedi. Qishda molni nima bilan boqishimizni hozir bilmaymiz. Xo‘jalikda 200 boshga yaqin qoramolimiz bor, uni nima qilishimiz kerak? Bu muammo bilan qayerga murojaat qilishni bilmayman”, deydi dehqon xo‘jaligi rahbari.
LiveBarchasi