O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas yoxud qiynoqlar qachon tugaydi?

Jamiyat

image

Qiynoq – bu shaxsni qasddan jismoniy yoki ruhiy azob berish, uni guvohlik berishga majburlash yoki inson irodasiga zid bo‘lgan boshqa harakatlar va usullardan foydalanishdir. 

So‘nggi vaqtlarda ichki ishlar organlari tomonidan shaxsni qiynoqqa solish oqibatida fuqaroning bevaqt hayotdan ko‘z yumishi bilan bog‘liq voqealar ijtimoiy tarmoqlarni larzaga keltirdi.

Surxondaryo viloyatida fuqaro Hasan Xushmatov profilaktika inspektori va uning yordamchilari tomonidan olib ketilib, keyinroq shifoxonada vafot etdi. Bundan tashqari, Qoraqalpog‘istonda ham bir fuqaro profilaktika inspektori tomonidan ichki ishlar bo‘limiga olib ketilib, o‘sha yerda vafot etdi. Holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.

Bo‘lib o‘tgan holat yuzasidan hozircha aniq ma’lumot yoki sudning qarori  yo‘q. Ammo xalqimizda “shamol bo‘lmasa, darxtning uchi qimirlamaydi”, degan gap bor. Chunki bunday holat ichki ishlar tizimida birinchi marta sodir bo‘layotgani yo‘q. Bunday holatlar o‘tgan yilning aynan shu davrida ham sodir bo‘lgan edi. 

2020 yil 30 may kuni  Andijon shahar IIO FMB 4-son IIB xodimlari Andijon shahar Salohiyat ko‘chasida yashovchi fuqaro A.Abdukarimovni ayyovsiz kalaklagani oqibatida fuqaro vafot etgan edi. 

Yana bir holat 2020 yil 21-22 yanvar kunlari sodir bo‘lib, fuqaro Yusuf Abdurahmonov Chiroqchi tumani IIO FMB binosiga olib kelinib qiynoqqa solingan va buning natijasida vafot etgan.

Bundan tashqari, 2020 yil yanvar oyida Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani IIB va may oyida Andijon shahar IIBda o‘tkazilgan tergovlardagi qiynoqlar sabab ikki fuqaro vafot etdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 30 iyun kuni o‘tkazgan videselektor yig‘ilishida ushbu holat misolida huquq-tartibot organlarida fuqarolarni qiynoqqa solish holatlarini qattiq tanqid qildi.

Prezidentning qiynoqqa oid ushbu tanqidiy nutqida “Biz so‘nggi uch yarim yilda qiynoqlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha jiddiy va ortga qaytmaydigan islohotlarni amalga oshirdik. Lekin, Andijon shahar va Chiroqchi tuman ichki ishlar idoralarida yaqinda sodir bo‘lgan fojiali holatlar tizim rahbarlarini uyg‘otishi, aniq xulosalar qilishga chorlashi kerak. Ushbu fojia oqibatida 2 nafar inson hayotdan erta ko‘z yumdi. Ularning oilalari bu huquq-tartibot idoralari rahbarlaridan emas, davlatdan norozi”, degan edi.

Shundan keyin mamlakatda qiynoqlar masalasi bir muddat kun tartibiga chiqdi. 2020 yil 21 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining sakkizinchi yalpi majlisida ham ushbu masala muhokama qo‘yildi. Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari Abduhalim Xolmaxmatov Jinoyat kodeksining 235-moddasi (Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash)ga o‘zgartirish kiritish, ya’ni ushbu moddada belgilangan sanksiyalarni kuchaytirish va moddada nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxslarga nisbatan amnitsiya qo‘llamaslik kerakligini ta’kidlagan edi. Ammo bu ham fikrligicha qog‘ozda qolib ketdi. 

Shuningdek, ushbu yalpi majlisida “Tezkor qidiruv, tergov va jazoni ijro etish faoliyatida qiynoqning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasi tayyorlangani aytildi. Prezident qarori loyihasida Qiynoqning oldini olish qo‘mitasi tashkil etilishi belgilangan edi. Lekin bugungi kunga qadar na qaror, na qo‘mitadan darak bo‘ldi. Qiynoqlar esa davom etmoqda.

Bundan oldin 2019 yilda 16 iyul kuni “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining dasturi va Saylovoldi dasturi muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida partiya mamlakatda Tergov qo‘mitasini tashkil etishni taklif qilib chiqqan edi. Afsuski bu ham taklifligicha qoldi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev ham 2019 yil Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatiga yo‘llagan Murojaatnomasida Tergov qo‘mitasi tuzish taklifini ilgari surgandi. Oradan 1,5 yildan ortiq vaqt o‘tdi hamki, qo‘mitadan darak yo‘q. 

Bugungi kunda Prezidentning har nutqida yangrayotgan shaxs huquqlarini hurmat qilish, ularnngi qonunuiy manfaatlariga putur yetkazmaslik, tergov va sud tizimida shaxsni turli jismoniy qiynoqlarga solmaslik, ruhiy bosimlar va tazyiqlar o‘tkazmaslik borasidagi fikrlar, shuningdek qabul qilinayotgan qonun, farmon va qarorlarga qaramay, huquq-tartibot organlarining shaxsni qiynoqqa solish, huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga putur yetkazish bo‘yicha “tajriba”si tizimda hali hamon og‘riqli nuqta bo‘lib qolmoqda.

Ichki ishlar tomonidan shaxsni qiynoqqa solish va uning huquqlarini tahqirlash holatlari ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez tarqalishi jamoatchilikni keng muhokamasiga, ularning his-tuyg‘ularini jumbushga kelishiga sabab bo‘ladi. Lekin jamoatchilikning kuchli e’tiroziga, Prezidentning inson huqulari bo‘yicha bergan ko‘rsatmalariga, Oliy Majlisning nazoratiga qaramay, hudularda bu illat negadir bartarf etilmayotigani xavotirli. 

Oliy Majlis Senatining 2020 yil 7 avgustda bo‘lib o‘tgan oltinchi yalpi majlisida qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash kabi jinoyatlar sodir etilishi holati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturaga parlament so‘rovi yuborish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Bosh prokuratura tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va nazorat idoralari xodimlari hamda boshqa shaxslar Jinoyat kodeksining 235-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganligi natijasida 96 nafar shaxsga nisbatan jami 25 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan. Shuningdek, Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov 2020 yilda bevosita vazirlikning o‘z xavfsizligi xizmati xodimlari tashabbusi bilan fuqarolarni noqonuniy ushlab, zo‘ravonlik qilish bilan bog‘liq 5 ta holat aniqlanib, ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rish uchun materiallar prokuratura idoralariga yuborilgani haqida xabar bergan edi. Ammo bir qancha shaxsga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilganiga qaramay, ichki ishlar tizimida bunday xatolarni qayta-qayta sodir etish holatlari uchramoqda. “O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas”, degani shu bo‘lsa kerak-da.

To‘g‘ri, ushbu shaxslarni qiynoqqa solgan va buning natijasida ularning o‘limiga sababchi bo‘lgan ichki ishlar xodimlari jinoiy javobgarlikka tortilib, jazo tayinlangan. Lekin ularning qonun bilan belgilangan vazifa va majburiyatlari qayerda qoladi? Ularning davlat xizmatchisi degan maqomi nima bo‘ladi? Xodimlar jinoyatchilikni oldini olish, fuqarolarning huquqlarini himoya qilish o‘rniga, ularga nisbatan kuch ishlatsa, zo‘ravonlik qilsa, ursa, oxir-oqibat o‘limiga sababchi bo‘lsa, unda fuqaro dardini kimga aytsin? 

Bu kabi holatlarning uchrashi aholining haqli e’tiroziga, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va odil sudlovga nisbatan ishonchsizligini orttirmoqda. Qolaversa, mamlakatimizning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rniga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Xususan, Jahon bankining Boshqaruv sifati indikatorlarining Siyosiy barqarorlik va zo‘ravonlik yo‘qligi subindikatori bo‘yicha 212 ta davlat orasida O‘zbekiston 136-o‘rinni egallamoqda. “Jahon odil sudlov loyihasi” xalqaro nohukumat tashkilotining Huquq ustuvorligi indeksining Asosiy (fundamental) huquqlarning ta’minlanganligi indikatori bo‘yicha 128 ta mamlakat orasida O‘zbekiston 110-o‘rinni egallab turibdi. 

Jinoyat kodeksining 206-moddasida hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqqanlik uchun javobgarlik belgilangan. Sud amaliyotida hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqqan holda qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir etgan mansabdor shaxsning harakatlari, Jinoyat kodeksining qasddan odam o‘ldirish jinoyati uchun javobgarlik belgilangan moddalari tegishli qismida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui bo‘yicha kvalifikatsiya qilinadi. 

Bundan ko‘rinib turibdiki, ichki ishlar xodimi agar o‘z vakolatidan chetga chiqib, xizmat vazifasini bajarish vaqtida uni qiynoqqa solsa va buning oqibatida shaxs vafot etsa, ichki ishlar xodimi qasddan o‘dam o‘ldirganlik (JK 97-104-moddasi) bilan javobgarlikka tortiladi.

Dunyo hamjamiyati, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotida davlatlar qiynoqning oldini olish borasidagi majburiyatlarini bajarishi, shaxsni tahqirlovchi va insoniy qadr-qimmatni kamsituvchi muomaladan himoya qilishni samarali tashkil etishi zarurligi muntazam muhokama qilib kelinadi. 1984 yil 10 dekabrda BMT qabul qilgan Qiynoqlarga solishga va muomalada bo‘lish va jazolashning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni tahqirlovchi turlariga qarshi konvensiyaga bugunga qadar qo‘shilgan 166 davlatning har to‘rt yilda BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasiga hisobot berishi qiynoqqa qarshi kurashishning nafaqat xalqaro hamjamiyat, balki alohida davlat uchun ham naqadar dolzarb ekanini ko‘rsatadi.

1995 yil 31 avgust kuni  ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilgan. Unga ko‘ra, har bir ishtirokchi davlat o‘z yurisdiksiyasidagi har qanday hududda qiynoq harakatlarining oldini olish borasida qonunchilik, ma’muriy, sud tizimida samarali chora-tadbirlar ko‘rishi lozimligi belgilangan.

Bugungi kungacha BMT doirasida inson huquq va erkinliklarini himoya qilish bilan bog‘liq, davlatlar majburiyatlarining yuridik xarakterini izohlovchi 9 ta hujjat va qarorlar qabul qilingan. O‘zbekiston deyarli barchasiga a’zo davlat hisoblanadi.

Psixolog G.Myunsterbeg qiynoqlarni tanqid qilib, shunday yozgan edi: “Og‘riq haqiqatga bo‘lgan irodadan ustun turadi, buning natijasida qiynoqlar begunohlarni hukm qilishga olib keladi”. 

Darhaqiqat, shaxni qiynoqqa solish uni qilmagan ishini bo‘yniga qo‘yish aholi orasida tergov va sudga nisbatan nafrat, ishonchsizlik ortib borishaga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari,  ayblanuvchi, gumon qilinuvchi, guvoh, hatto, ba’zida jabrlanuvchini so‘roq qilish paytida psixologik bosimga olinishi ko‘plab tergov va sud xatolariga sabab bo‘ladi. Bu esa bir shaxsning nohaq ayblanishiga, haqiqatning ochilishiga to‘sqinlik qiladi. 

Tarixga nazar soladigan bo‘lsak, qiynoqlardan foydalanish qadim zamonlardan beri jazo, qo‘rqitish va aybini tan olish vositasi sifatida foydalanib kelingan. Har xil qiynoqlar qadimgi Misr, Ossuriya, qadimgi Yunoniston, Qadimgi Rim va boshqa qadimgi davlatlarda juda keng qo‘llanilgan. Keyinchalik asrlar o‘tishi bilan inson sha’ni, qadr-qimmati va haq-huquqlari rivojlanib birinchi darajaga ko‘tarilgandan keyin asta-sekinlik bilan davlatlarda shaxsni qiynoqqa solish usullari bekor qilina boshladi.  

Buyuk Britaniyada shaxs yoki mahbusni jismoniy qiynoqqa solish usullari 1971 yilda butunlay taqiqlangan. Hozirda Buyuk Britaniyaning jinoyat qonunchiligiga binoan, qiynoqlar faqat umrbod qamoq jazosi bilan jazolangan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi. Shuningdek, Shotlandiyada 1708 yilda, Daniyada 1770 yilda, Avstriyada 1776 yilda Fransiyada 1780 yilda, Venetsiyada 1800 yilda, Portugaliyada 1826 yilda   qiynoqlar bekor qilindi.

Rossiya imperiyasida 1774 yil 8 noyabrdagi Yekaterina II ning maxfiy farmoni bilan qiynoqlardan foydalanish bekor qilingan. Keyinchalik esa bu maxfiy farmon Aleksandr I ning 1801 yil 27 sentyabrdagi farmoni bilan rasman tasdiqlangan. 

Bir qator mamlakatlarda, qiynoqlar ishlatilganligi uchun (oqibatlaridan qat’i nazar) huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi yoki mansabdor shaxsi uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilinadi. Bunday qonuniy tartib mavjud bo‘lgan quyidagi davlatlarni misol qilib keltirishimiz mumkin:

•    Kanadada 14 yil;
•    Fransiyada 15 yil;
•    Argentinada 25 yil;
•    Gvatemalada 30 yil.

Shuning uchun qiynoqqa solish jinoyatini sodir etgan davlat xizmatchilariga va ularning mansabdor shaxslariga jinoiy jazo yoki javobgarlikdan ozod etishga oid rag‘batlantiruvchi normalarni, masalan jarima, axloq tuzatish ishlari yoki ozodlikni cheklash kabi jazolarni qo‘llashni taqiqlashga doir o‘zgartirish kiritish va sanksiyalarni kuchaytirish maqsadga muvofiqdir. 
 


Maqola muallifi

Teglar

qiynoq

Baholaganlar

171

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing