Urganch xalqaro aeroporti 5 avgustdan ochiladi
Jamiyat
−
02 avgust
2792Urganch xalqaro aeroporti belgilangan qurilish-ta’mirlash ishlari muddatidan avvalroq yakunlangani bois 5 avgust kuni ochiladi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, rejaga muvofiq ta’mirlash ishlari aeroportda 7 avgustga qadar amalga oshirilishi lozimligi haqida xabar berilgan. Ammo qurilish-ta’mirlash ishlari belgilangan muddatdan avvalroq yakunlangan.
“Shuni alohida e’tirof etish kerakki, ikki hafta ichida katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi. Jumladan, uzunligi 3000 m va eni 45 m bo‘lgan uchish-qo‘nish yo‘lagi qoplamasi almashtirildi va mustahkamlandi, ikkinchi va uchinchi yurish yo‘laklari kapital ta’mirlandi. Bu aeroportga Boeing 787 va Airbus A330 kabi keng fyuzelyajli samolyotlarni cheklovlarsiz qabul qilish va o‘z navbatida Urganch shahriga reyslar soni va yo‘lovchilar oqimini ko‘paytirish imkonini beradi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Urganch xalqaro aeroporti uchish-qo‘nish yo‘lagini kapital ta’mirlash ishlari boshlangani munosabati bilan joriy yilning 20 iyul kuni o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatgandi. Rekonstruksiya davrida barcha reyslar Nukus xalqaro aeroportiga yo‘naltirilgan va barcha yo‘lovchilar Nukus aeroportigacha transport bilan ta’minlangan.
Urganch shahridagi uchish-qo‘nish yo‘lagini kapital rekonstruksiya qilish ishlari oxirgi marta 1997 yilda, shikastlangan qismlarini qisman ta’mirlash esa 2018 yilda amalga oshirilgan edi.
LiveBarchasi