Husiylar Ar-Riyoddagi aeroportga yana hujum qildi. 12 kishi halok bo‘ldi

Olam

−

image

Kecha, 10 oktyabr kuni Yamandagi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiylar Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoddagi xalqaro aeroportga hujum qildi. Oqibatda kamida 12 kishi halok bo‘ldi, yana 309 kishi yaralandi. Bu Saudiya Arabistonida so‘nggi o‘n yildan ortiq vaqt ichida eng ko‘p qurbon berilgan hujum bo‘ldi. Bu haqda 10 oktyabr kuni “Reuters” xabar berdi.

Saudiya Arabistoni Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida to‘rt nafar saudiyalik, ikki nafar bangladeshlik hamda AQSH, Iordaniya, Falastin, Suriya, Sudan va Misrdan bir nafardan fuqaro bor.

Hujumdan keyin yaradorlar tez yordam mashinalari va vertolyotlar yordamida shifoxonalarga olib borilgan. Ayrim jabrlanuvchilarning ahvoli og‘ir ekani aytilmoqda. Aeroportdagi guvohlardan biri portlash ovozini eshitgani va bino ichida bir necha kishining jarohatlangan holda yerda yotganini ko‘rganini aytgan. Yana bir yo‘lovchining so‘zlariga ko‘ra, u aeroport tashqarisida osmondan biror narsa uchib o‘tganini ko‘rgan, shundan keyin jo‘nab ketish darvozasi yaqinidagi shiftning bir qismi qulab tushgan.

Hujum sabab Ar-Riyod xalqaro aeroportidagi barcha reyslar boshqa yo‘nalishlarga yo‘naltirilgan, aeroport faoliyati esa vaqtincha to‘xtatilgan. AQSHning Ar-Riyoddagi elchixonasi o‘z fuqarolarini aeroport va uning atrofidagi hududlarga bormaslikka chaqirgan. Avvalgi hujumlardan keyin ham bir qator aviakompaniyalar Saudiya Arabistoni poytaxtiga qatnovlarni bekor qilgan yoki to‘xtatgan.

Bu hafta Ar-Riyoddagi Qirol Xolid xalqaro aeroportiga uyushtirilgan avvalgi ikki hujum oqibatida yana to‘rt kishi halok bo‘lgan. Shuningdek, aeroport hududida turgan Saudiya Arabistoniga tegishli yo‘lovchi samolyoti jiddiy shikastlangan. So‘nggi hujumlar mamlakatning havo hujumidan mudofaa tizimidagi zaif jihatlarni ko‘rsatgan.

Biroq husiylar 10 oktyabr kungi hujum uchun hozircha javobgarlikni rasman o‘z zimmasiga olmagan. Shunga qaramay, Saudiya Arabistoni boshchiligidagi harbiy koalitsiya zarbaga javob qaytarishini bildirgan. Husiylarning OAV bo‘yicha idorasi rahbari esa ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Ar-Riyod xalqaro aeroporti faoliyati to‘xtatilganini yozgan. Guruh avvalroq xalqaro aviakompaniyalarni Saudiya Arabistoni havo hududidan foydalanmaslik haqida ogohlantirgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiya Arabistonida husiylar tomonidan amalga oshirilgani aytilgan ikki hujum oqibatida 3 nafar fuqaro halok bo‘lib, 36 kishi jarohatlangandadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing