“Urdi-yu surdi”. Namanganda Gentra piyodani urib ketdi (video)
3-sahifa
−
12 fevral
8403Kecha, 11 fevral kuni Namangan viloyati Namangan shahrida Gentra haydovchisi yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodani urib, voqea joyidan qochib ketdi. Bu haqda viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, kecha, 11 fevral kuni soat 06:40 larda noma’lum shaxs o‘zining boshqaruvida bo‘lgan Gentra rusumli avtomashinasida Namangan shahar, Amir Temur ko‘chasida harakatlanib, yo‘lni kesib o‘tayotgan piyoda Namangan shahrida yashovchi, 1958 yilda tug‘ilgan fuqaroni urib yuborib, hodisa joyidan yashiringan. Oqibatda piyoda olgan tan jarohati sababli voqea joyida vafot etgan.
“Mazkur holat yuzasidan Namangan shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 117-moddasi 2-qismi (Xavf ostida qoldirish) va 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, noma’lum haydovchini topish bo‘yicha o‘tkazilayotgan tezkor qidiruv ishlari yuzasidan qora rangli Gentra rusumli avtomashinalar mutaxassislar tomonidan tekshirilib, tekshiruv yakunlangandan so‘ng ruxsat berilmoqda.
“Shu sababli ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan odam o‘limiga sababchi bo‘lib, javobgarlikdan qutulmoqchi bo‘lgan haydovchini topish maqsadida o‘tkazilayotgan tezkor qidiruv ishlarini va bu boradagi ichki ishlar organlari xodimlarining sa’y-harakatlarini noto‘g‘ri talqin qilmasliklarini so‘raymiz”, deyiladi boshqarma xabarida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida Gentra haydovchisi bir necha fuqarolarni bosib ketishga uringandi.
LiveBarchasi
Trenddagilar




