“Urdiyu surdi”. Boysunda Isuzu haydovchisi uch kishini urib ketdi (video)
3-sahifa
−
10 Oktabr
9196Surxondaryo viloyati Boysun tumanida Isuzu rusumli yuk mashinasi haydovchisi uch kishini urib yuborib, voqea joyidan qochib ketdi. Hodisa oqibatida ikki kishi vafot etdi. Bu haqda viloyat IIB JXX YHXB xabar berdi.
Qayd etilishicha, hodisa 7 oktyabr kuni Boysun tumani hududida sodir bo‘lgan. Captiva haydovchisi va uning ikki nafar yo‘lovchisi M-39 avtomobil yo‘lining Boysun tumani hududidan o‘tgan qismida yo‘l chetida to‘xtab mashinasiga yonilg‘i quyayotganda noma’lum transport ularni urib yuborib, qochib ketgan. Oqibatda og‘ir tan jarohatlari olgan haydovchi va bir nafar yo‘lovchi voqea joyida halok bo‘lgan. Ikkinchi yo‘lovchi shifoxonaga olib ketilgan.
Surishtiruvlar natijasida Captiva haydovchisi va yo‘lovchilarini Isuzu rusumli yuk mashinasi urib ketgani, haydovchi esa hodisa haqida hech kimga xabar bermay voqea joyidan qochib ketgani aniqlangan.
Olib borilgan tezkor choralar natijasida gumonlanuvchi yuk mashinasi bilan Sirdaryo viloyati hududida harakatlanayotgani aniqlangan. 56 yoshli yuk mashinasi haydovchisi tegishli tartibda ushlanib, Boysun tuman IIBga olib borilgan.
Hozirda hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumondor protsessual tartibda qamoqqa olingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida Nexia-2 haydovchisi yo‘lning qatnov qismida ketayotgan fuqaroni urib yuborib, voqea joyidan qochib ketgan edi. YTH oqibatida tan jarohati olgan fuqaro ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, vafot etgan.