Uran yo‘ldoshida suyuq suv izlari aniqlandi

Olam

image

Uran sayyorasining Ariel nomli yo‘ldoshidagi muz osti okeani Yerning Tinch okeanidan o‘nlab marta chuqurroq bo‘lishi mumkin. Bu haqdagi tadqiqot “Icarus” jurnalida e’lon qilindi.

Ariel – Uraning eng yorqin va tizimidagi kattaligi bo‘yicha to‘rtinchi yo‘ldoshi. Uning yuzasi qadimiy kraterlar va nisbatan yoshroq hududlarni birlashtiradi. Ular muzli vulqonlarning otilishidan hosil bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Olimlar yorilishlar, tizma va grabenlarga e’tibor qaratgan – bular kuchli ichki va tashqi bosimlarni ko‘rsatadi.

Bu qanday hosil bo‘lganini tushunish uchun tadqiqotchilar yuzadagi tuzilmalar xaritasini Arielning orbitaviy harakatida yuzaga keladigan to‘lqin kuchlanishi modellariga solishtirgan. Ma’lum bo‘lishicha, o‘tmishda uning orbita ekssentrikligi hozirgidan qariyb 40 baravar katta bo‘lgan. Ushbu to‘lqin kuchlari agar muz ostida okean mavjud bo‘lsa, muzli qatlamni deformatsiyaga uchratib, yuzada yoriqlar paydo qilishi mumkin edi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, okean chuqurligi 170 kilometrga yetgan bo‘lishi mumkin, holbuki Yerning Tinch okeanining o‘rtacha chuqurligi atigi 4 kilometrni tashkil etadi. Olimlar bunday ma’lumotlar Arielni muzli yo‘ldoshlar orasida noyob ob’ektga aylantirishini ta’kidlamoqda.

Bungacha aynan shu tadqiqotchilar guruhi muz osti okeani Uraning boshqa yo‘ldoshi – Mirandada ham mavjud bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini tadqiq qilgan.

“Biz Uran tizimi dunyo okeanlarining manzili bo‘lishi mumkinligiga tobora ko‘proq dalillar topyapmiz”, deydi tadqiqot hammuallifi, Jon Xopkins universiteti Amaliy fizika laboratoriyasidan Tom Nordxaym.

Olimlar hozircha insoniyat Ariel va Mirandaning faqat janubiy yarimsharlarini ko‘rganini qayd etmoqda. Kelajakdagi Uran missiyalari okeanlarning mavjudligini tasdiqlashi va Quyosh tizimining tashqi qismida okeanlarning evolyutsiyasini kuzatishga yordam berishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Marsda umumiy uzunligi 15 ming kilometrni tashkil etadigan ulkan daryolarning izlari aniqlangani haqida xbara berilgan edi. Mars orbitasidagi apparatlar tomonidan yuqori aniqlikda olingan notekis relef tasvirlarida tadqiqotchilar qadimgi daryo tizimlarining geologik izlarini topgan. Olimlar taxminiga ko‘ra, bu daryo izlarining yoshi 3 milliard yildan ortiq. Ba’zilarining uzunligi nisbatan qisqa bo‘lsa-da, boshqalari 200 kilometrgacha cho‘zilgan butun bir tarmoqni hosil qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Uran suyuq suv Ariel'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing