“Uning o‘lganini hamma qatori OAVdan eshitdim”. Hadicha sudda guvohlik berdi
Olam
−
04 iyul 2020
50361Avval xabar berganimizdek, kecha, 3 iyul kuni Istanbulda 2018 yilning 2 oktyabr kuni Istanbul shahrida joylashgan Saudiya Arabistoni konsuligiga kirib ketib, qaytib chiqmagan, keyinroq, o‘ldirilgani aniqlangan jurnalist Jamol Qoshiqchi jinoyati bo‘yicha birinchi sud eshituvi bo‘lib o‘tdi. Unda Qoshiqchining qallig‘i Hadicha Chengiz ham ishtirok etib, guvohlik berdi.
Tergov natijalariga ko‘ra, prokuratura Saudiya Arabistonining Istanbuldagi diplomatik vakolatxonasida yuz bergan qotillikda ishtirok etgan 20 kishining ismini 117 sahifali ayblov xulosasiga kiritdi. Ularning barchasi xalqaro qidiruvga berilgan.
"Konsullikda unga biror narsa qilishlarini o‘ylamagan edim"
“Biz Jamol bilan 2018 yilning 6 may kuni tanishganmiz.
2018 yilning 2 oktyabr kuni u Londondan Istanbulga keldi. U shu kuni Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulligiga borib, nikohimizni rasman qayd ettirishimiz uchun lozim bo‘lgan hujjatlarni olishi kerak edi.
Jamol bosh konsullikka qo‘ng‘iroq qildi va arab tilida Sulton ismli kishi bilan gaplashdi. 15-20 daqiqadan keyin o‘sha kishi Jamolga qo‘ng‘iroq qildi va hujjatlarni olib ketishi mumkinligini aytdi. Shundan keyin konsullik haqida og‘iz ochmadi.
Biz konsullikka taksida bordik. Men tashqarida qoldim, Jamol esa ichkariga kirib ketdi. Ochig‘i, konsullikda unga biror narsa qilishlarini o‘ylamagan edim”.
Qoshiqchi kelishilgan holda soat 13:15 da qallig‘i Hadicha Chengiz bilan konsulikka keladi. Hadicha Chengiz uni tashqarida kutib turadi. Jurnalist esa qo‘l telefonini kirishdagi qorovulga qoldirishni va undagi ma’lumotlar boshqalar qo‘liga yetib borishini istamay, uni bo‘lajak turmush o‘rtog‘iga beradi.
Jamol Qoshiqchi ichkariga kirgach, Hadicha Chengiz uni sal kam ikki soat kutadi. Soat 15:30 da u qorovulning yoniga borib, bo‘lajak turmush o‘rtog‘i Jamol Qoshiqchining ichkariga kirib ketgani, ikki soatdan buyon undan xabar yo‘qligi va xavotir olayotganini aytadi. Qorovul esa ichkaridagi holatdan bexabarligini ma’lum qiladi.
Hadicha Chengiz Jamol Qoshiqchi konsullik binosidan chiqavermagach, uning yaqin do‘sti professor Yasin Aktayga qo‘ng‘iroq qiladi. Sud majlisida sudya “sizga buni Jamol Qoshiqchi aytganmi?”, degan savol bilan Hadichaga yuzlanadi.
“Yo‘q, u aytmagan. Men nafaqat Yasin Aktayga, balki Turon Qishloqchiga ham qo‘ng‘iroq qildim”, deydi ayol.
"Uning o‘lganini OAVdan eshitdim"
“Konsullik binosi atrofida diplomatik vakolatxonaning chaqiriqlaridan keyin jurnalistlar to‘plana boshladi. Men u yerda soat 01:40 gacha qoldim. Uch jurnalist bor edi. Ular kutmang deyishdi va yangilik bo‘lsa xabar berishlarini va’da qilishdi. Men esa Jamol bilan to‘ydan keyin yashamoqchi bo‘lgan uyimizga bordim. Jamol ham konsullikdan chiqqach, shu yerga keladi deb o‘yladim”
Men ham uning vafot etgani haqidagi xabarni boshqalar qatori ommaviy axborot vositalaridan eshitdim”.
Sudyalar hay’ati raisi “Saudiya Arabistoni mulozimlari u bilan uchrashganmidi”, degan savol bilan Hadicha Chengizga yuzlandi.
“Yo‘q. Jamolni konsullikka aldov yo‘li bilan chaqirishdi. Bu katta xiyonat edi. Mening qotillik haqida oldindan bilgan va bunga buyruq bergan odamlarning har biri ustidan shikoyatim bor”, deydi ayol.
Hadicha Chengiz keyingi sud majlislarida ham ishtirok etish uchun izn so‘radi.
Keyingi sud majlisi joriy yilning 24 noyabr kuni bo‘lib o‘tishi belgilandi.
Ma’lumot o‘rnida
Ar-Riyod siyosatiga oid tanqidiy maqolalari bilan tanilgan Qoshiqchi 2017 yildan beri AQSHda yashab, “The Washington Post” gazetasida ishlagan. U 2018 yilning 2 oktyabr kuni o‘z mamlakatining Istanbuldagi bosh konsulxonasiga tashrif buyurganida g‘oyib bo‘lgan. 20 oktyabr kuni Saudiya rasmiylari jurnalist to‘qnashuv natijasida diplomatik vakolatxona binosida o‘ldirilganini xabar qildi. Xalqaro hamjamiyat ushbu jinoyatni qoralab, Riyodni shaffof tergov o‘tkazishga chaqirdi.
Saudiya Arabistoni Bosh prokurori 2018 yil 15 noyabrda tergovning dastlabki natijalarini e’lon qildi: qirollikning 11 fuqarosi qotillikka aloqadorlikda ayblanib, ulardan besh nafari o‘lim jazosiga mahkum etildi.
O‘tgan yilning dekabr oyida Saudiya Arabistonida yana uch kishiga jami 24 yillik qamoq jazosi tayinlangan edi.
Istanbul prokuraturasi esa Qoshiqchini o‘ldirishda gumon qilingan 20 kishiga qarshi da’vo arizasini tayyorladi. Unda ularga umrbod qamoq jazosi talab qilingan.
LiveBarchasi