UNESCO butun dunyo maktablarida smartfonlarni taqiqlashga chaqirdi
Bu qiziq
−
27 iyul 2023
4837BMTning ta’lim, fan va madaniyat bo‘yicha tashkiloti UNESCO butun dunyo bo‘ylab maktablarda smartfonlardan foydalanishni taqiqlashga chaqirdi. Bu haqda tashkilot rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, UNESCO bunday qurilmalar o‘quvchilarni o‘qishdan chalg‘itishi, ularning ruhiy salomatligi va shaxsiy ma’lumotlari xavfsizligiga oid muammolarni keltirib chiqarishi sababli shunday xulosaga kelgan.
Mazkur tavsiyalar kecha, 26 iyul kuni e’lon qilingan 2023 yilgi ta’lim monitoringi bo‘yicha global hisobotdan olingan bo‘lib, unda maktablarda texnologiyadan foydalanish bo‘yicha global siyosat, gadjetlar va ijtimoiy media yoshlarga qanday ta’sir qilishiga oid ko‘plab tadqiqotlar tahlil qilingan.
“Faqat o‘rganishni qo‘llab-quvvatlashda aniq rol o‘ynaydigan texnologiyaga maktabda ruxsat berilishi kerak”, deyiladi xabarda.
Hisobotlar shuni ko‘rsatadiki, har to‘rt mamlakatdan birida dars paytida smartfondan foydalanish allaqachon taqiqlangan. Masalan, Singapur va Bangladeshda sinflarda smartfonlardan foydalanish man etilgan, ammo maktab miqyosida bunday cheklov yo‘q. Fransiyada esa smartfonlar o‘qitish va nogironligi bor bolalarni qo‘llab-quvvatlash uchun qat’iy ravishda ishlatiladi.
Belgiya, Ispaniya va Buyuk Britaniyada olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, o‘quvchilardan telefonlar olib qo‘yilganda ularning ko‘rsatkichlari yaxshilangan, ayniqsa nisbatan past o‘zlashtiruvchi o‘quvchilarda.
“Kiruvchi bildirishnomalar yoki mobil qurilmaning o‘quvchiga shunchaki yaqin turishi ham chalg‘ituvchi omil bo‘lishi mumkin. Natijada o‘quvchilar e’tiborini topshirilgan vazifadan yo‘qotadi”, deyiladi hisobotda.
Unda aytilishicha, inson bir marta chalg‘iganidan so‘ng diqqatini qayta jamlash uchun unga yana 20 daqiqa vaqt kerak bo‘ladi. Bu esa samaradorlikning keskin tushib ketishiga olib kelishi mumkin.
Yuqoridagi ma’lumotlar Kel Nyuportning “Diqqat! Chalg‘ituvchi dunyoda muvaffaqiyat sirlari” nomli kitobida ham keltirilgan.
UNESCO, shuningdek, yoshlarda ruhiy salomatlik inqirozi sharoitida smartfondan foydalanish ijtimoiy munosabatlar va ruhiy salomatlikka ta’sir qilishidan ham ogohlantirgan.
AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlarining 2018 yilgi tadqiqotiga ko‘ra, Amerikadagi 11 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtacha to‘qqiz soat vaqtini gadjet ekrani oldida o‘tkazgan. 15 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lganlarda esa bu miqdor 7,5 soatni tashkil qilgan.
Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan yana bir tadqiqotda esa kuniga atigi ikki soat davomida smartfondan foydalanish depressiv alomatlar, ta’lim sifatining pasayishi, uyquning buzilishi va salomatlik bilan bog‘liq muammolarga olib kelishi mumkinligi aytilgan.
Bundan tashqari, smartfonlardan foydalanish o‘quvchilar xavfsizligi uchun yana bir tahdid – kiberbullingga (onlayn bezorilik) yo‘l ochishi mumkinligi ta’kidlangan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda amaldagi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining ichki tartib va odob-axloq qoidalari”ga ko‘ra, dars jarayonida quloqchinlar orqali uyali aloqa vositalari va turli xil audio qurilmalardan foydalanishi, dars jarayonini uyali aloqa vositasining kamerasi orqali suratga olish man etilgan. Ta’lim muassasasi hududida har bir o‘quvchi o‘z uyali aloqa vositalarini o‘chirib qo‘yishi, pedagog va texnik xodimlar hamda tashrif buyuruvchi boshqa shaxslar o‘z uyali aloqa vositalari qurilmalarining chaqiruv ovozini to‘liq o‘chirib qo‘yishi (“Ovozsiz” holatga o‘tkazishi) shartligi belgilab qo‘yilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 21 maydagi 139-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom”ga ko‘ra, ta’lim muassasalarida o‘tkaziladigan o‘quv mashg‘ulotlari va tadbirlar (saflanish, tarbiyaviy soatlar, bayram, sport tadbirlari) boshlanishidan oldin ta’lim oluvchilar telefonini o‘chirib qo‘yishi hamda sumkasiga solib qo‘yishi shart. O‘quvchilar uchun, shuningdek, telefonni bo‘yinga osib yurish, cho‘ntaklarda saqlash, dars vaqtida stol ustiga qo‘yish, ta’lim muassasasi hududida uni quvvatlantirish ham taqiqlangan.
Ogohlantirilishiga qaramasdan, dars jarayonida telefondan foydalanish holatlari davom etgan taqdirda sinf rahbari va muassasa rahbariyati o‘quvchining telefonini (smartfon, planshet va boshqa qurilmalar) o‘rnatilgan tarzda olib qo‘yadi, holat yuzasidan o‘quvchining ota-onasi ogohlantiriladi. O‘quvchining ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar bilan tushuntirish ishlari olib borilganidan so‘nggina telefon ularga qaytarib beriladi. Shunday holat o‘quv yili davomida takrorlansa, o‘quvchi ichki ishlar organlarining profilaktik ro‘yxatiga olinadi.
LiveBarchasi