UNESCO Bosh direktori “The New York Times” jurnalistining o‘ldirilishini qoraladi

Olam

image

UNESCO Bosh direktori Odre Azule amerikalik jurnalist Brent Renoning Ukraina poytaxti Kiyev chekkasida o‘ldirilganini qoraladi. 

“Men Brent Renoning o‘ldirilishini qoralayman. Jurnalistlar mojarolar paytida ma’lumot berishda muhim rol o‘ynaydi va hech qachon nishonga olinmasligi kerak. Men jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari xodimlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro gumanitar standartlarni hurmat qilishga chaqiraman”, deydi Odre Azule. 

Brent Reno AQSHning bir qator nashrlari, jumladan HBO, NBC va "The New York Times" nashrlarida ishlagan va ko‘plab mojaro zonalari haqida xabar bergan. U bilan birga Irpendagi voqealarni yoritib kelayotgan hamkasbi bu voqea vaqtida jarohatlangan. 

Eslatib o‘tamiz, Kiyev politsiya boshqarmasi boshlig‘ining qayd etishicha, rossiyalik harbiylar Irpen shahrida xorijlik jurnalistlar bo‘lgan mashinaga qarata o‘t ochgan. Oqibatda 51 yoshli Brent Reno halok bo‘lgan. Yana ikki muxbir yaralangan.

“The New York Times” vakili Kliff Levi jurnalistning o‘limi haqidagi ma’lumotni tasdiqladi. Unga ko‘ra, Brent Reno ko‘p yillar davomida mazkur gazetada ishlagan, ammo Ukrainadagi faoliyati nashrga bog‘liq bo‘lmagan. 

Qayd etilishicha, Reno akasi Kreyg bilan birgalikda mojaro zonalarida, jumladan Iroq va Afg‘onistonda filmlar suratga olgan. Uning ishi nufuzli mukofotlarga sazovor bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, jurnalistika hamon eng xavfli kasblardan biri hisoblanadi. UNESCO ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 15 yil ichida 455 nafar jurnalist o‘z xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan. Ushbu qotilliklarning taxminan uchdan ikki qismi nizolar bo‘lgan mamlakatlarda sodir etilgan. Jurnalistlarning har o‘n qotilligidan deyarli to‘qqiztasi ochilmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

89

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing