O‘ndan ortiq davlat rahbarlari Shavkat Mirziyoyevga tabrik yo‘lladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlaridan Navro‘z bayrami munosabati bilan qutlovlar kelmoqda. Ularda O‘zbekiston xalqiga tinchlik, farovonlik va ravnaq tilab, ezgu istaklar izhor etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

Navro‘z ayyomi munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.

Tinchlik va ahillik ramzi bo‘lmish Navro‘z do‘st xalqlarimizga ezgulik va qut-baraka keltirsin.

Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli munosabatlar ikki tomonlama va ko‘p tomonlama yo‘nalishlarda bundan buyon ham rivojlanib borishiga ishonaman.

Fursatdan foydalanib, Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘lik, mas’uliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, qardosh o‘zbek xalqiga esa tinchlik va farovonlik tilayman.

Hurmat bilan, Nursulton Nazarboyev,

Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Muhtaram Shavkat Miromonovich, qadrli qardoshim!

Xalqaro Navro‘z ayyomi munosabati bilan Sizga va Siz orqali qardosh O‘zbekiston xalqiga samimiy tabriklarimni yo‘llashga hamda farovonlik va ravnaq tilashga ijozat bergaysiz.

Tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik, birdamlik va tabiat bilan uyg‘unlikni ifoda etuvchi Navro‘z bayrami yangi kun, yangi hayot elchisidir. Butun insoniyat boy madaniy merosining ajralmas qismi sifatida e’tirof etilgan bu qutlug‘ ayyom ulug‘ insoniylik tamoyillarini o‘zida mujassam etib, xalqlar do‘stligi va hamjihatligini mustahkamlashda alohida ahamiyatga ega.

Ushbu ajoyib bayram Siz va qardosh O‘zbekiston xalqiga baxt-saodat, shodlik va yangi zafarlar olib kelsin!

Chuqur hurmat ila, Gurbanguli Berdimuhamedov,

Turkmaniston Prezidenti

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

Siz va butun O‘zbekiston xalqini fayzli Navro‘z ayyomi bilan chin dildan muborakbod etaman.

Insoniyatni ezgulikka, farovonlik va bunyodkorlikka da’vat etish Navro‘zga xos ajoyib hususiyatdir. Turkiy olam uchun yagona bo‘lgan ushbu qutlug‘ ayyom mamlakatlarimiz qardoshligini yanada mustahkamlab, quvonch va baraka olib kelsin.

Ishonchim komil, birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan mustahkam do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan Qozog‘iston-O‘zbekiston strategik sherikligi xalqlarimiz farovonligi yo‘lida jadal rivojlanib boraveradi.

Ushbu ayyom kunlarida, muhtaram Shavkat Miromonovich, mamlakatingiz yorqin kelajagiga qaratilgan olijanob tashabbus va sa’y-harakatlaringizga muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston xalqiga farovonlik va ravnaq tilayman.

Hurmat bilan, Qosim-Jomart To‘qayev,

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

Sizni va birodar O‘zbekiston ahlini xalqaro Navro‘z bayrami bilan samimiy muborakbod etib, eng ezgu tilaklarimni yo‘llash menga katta mamnuniyat baxsh etadi.

Navro‘z bayrami uni nishonlaydigan xalqlarning qadimiy va umumiy madaniy merosi sifatida do‘stlik, o‘zaro hurmat va ishonch, birdamlik va hamkorlik rishtalarini mustahkamlab, birodar ellarimizning yanada yaqin bo‘lishiga xizmat qilmoqda.

Aminmanki, bundan buyon ham mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona aloqalar va ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida birgalikda harakat qilamiz.

Ushbu qutlug‘ ayom kunlarida Sizga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, do‘st O‘zbekistonning yanada taraqqiy etishi va ravnaq topishi yo‘lida davlat rahbari sifatidagi faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilayman.

Hurmat bilan, Imomali Rahmon,

Tojikiston Respublikasi Prezidenti

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

Qirg‘iziston xalqi nomidan va shaxsan o‘z nomimdan Sizni va butun O‘zbekiston ahlini Navro‘z bilan muborakbod etaman!

Markaziy Osiyo xalqlari qadim-qadimdan ushbu ayyomni alohida e’zozlagan. Mehnatsevarlik, ahillik va hamjihatlik ramzi bo‘lmish Navro‘zni ellarimiz umid va ezgu niyatlar bilan kutib olmoqda.

Qirg‘iz Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan o‘zaro manfaatli hamkorlik va strategik sheriklik munosabatlari bundan buyon ham ikki davlat manfaatlari yo‘lida izchil rivojlanib borishiga qat’iy ishonaman.

Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘lik va davlat rahbari sifatidagi faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa farovonlik va ravnaq tilayman.

Hurmat bilan, Sooronbay Jeenbekov,

Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

Ozarbayjon xalqi nomidan va o‘z nomimdan Sizga va Siz orqali butun O‘zbekiston xalqiga Navro‘z bayrami munosabati bilan eng ezgu tilaklarimni qabul qilgaysiz.

Yangilanish va tabiat uyg‘onishi ramzi bo‘lmish ushbu fayzli bayram odamlarni yaxshilik qilishga chaqiradi.

Aminmanki, ushbu bahoriy ayyom Navro‘z an’analarini e’zozlovchi xalqlarimizga yaxshi kayfiyat, quvonch va qut-baraka keltiradi.

Fursatdan foydalanib, Sizga mustahkam sog‘lik, faoliyatingizda zafarlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik va farovonlik tilayman.

Hurmat ila, Ilhom Aliyev,
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti

Shuningdek, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Hasan Ruhoniy, Falastin Prezidenti Mahmud Abbos, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon ibn Abdulaziz Al-Saud, Saudiya Arabistoni Podshohligi valiahdi, Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari, mudofaa vaziri Muhammad ibn Salmon ibn Abdulaziz Al-Saud, Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi Shayx Muhammad bin Roshid Al-Maktum, Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari, ichki ishlar vaziri Shayx Sayf bin Zoid Al-Nahayon va boshqalar tabrik yo‘llagan.

Qutlovlar kelishi davom etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev tabrik

Baholaganlar

73

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing