O‘n kunlik kelinchakni ayovsiz kaltaklagan erga sud hukmi o‘qildi

Jamiyat

image

Samarqandda ijtimoiy tarmoqlarda katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan voqelik bo‘yicha aybdorga sud hukmi o‘qildi. Voqea Bulung‘ur tumani, “Mingtepa” mahallasi, “Tinchlik” qishlog‘ida ro‘y bergan. 

Gap shundaki, 1982 yilda tug‘ilgan K.G. joriy yilning 18 may kuni 1988 yilda tug‘ilgan Z.U. bilan shar’iy turmush quradi. Oradan 12 kun o‘tib, 30 may kuni K.G. mast holatda o‘zaro kelishmovchilik sabab turmush o‘rtog‘i Z.U.ni onasi G.G.ning oldiga sochidan tortib boradi. G.G. ularni ajratishiga qaramasdan, K.G. turmush o‘rtog‘ini qo‘llari va oyoqlari bilan o‘ta shafqatsizlarcha tanasining turli joylariga bir necha marotaba qasddan urib “o‘rtacha og‘ir tan jarohati” yetkazgan.

Sudga oid tibbiyot ekspertizasining joriy yil 18 iyundagi 1581-sonli xulosasida, Z.U.ning tanasida, ya’ni boshining peshona, o‘ng yelka sohalarida shilinmalar, ikkala ko‘z oqish pardasi barcha qismida qon quyilishi, ikkala ko‘z atrofi, burun, ikkala yuz, yonoq, lunj, pastki jag‘, ikkala quloq orti, ikkala yelka, chap kurak, ko‘krak qafasi, chap lunj kafti, chap tirsak bo‘g‘imi, o‘ng boldir sohalarida qontalashlar, boshining o‘ng tepa sohasida urilib yirtilgan yara, burun suyagining sinishi, bosh miyaning yengil darajali lat olishi kabi jarohatlari aniqlanganligi, ushbu jarohatlar “O‘rtacha og‘irlikdagi tan jarohatlari” guruhiga kirishligi ko‘rsatilgan.

Sudga oid narkologik ekspertizasining 26 iyundagi 220-sonli dalolatnomasida, K.G. alkogolizimning 2-bosqichi bilan xastalangani, O‘zbekiston Respublikasi JKning 96-moddasiga asosan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llashga muhtojligi ko‘rsatilgan.   

Sud turmush o‘rtog‘ini ayovsiz kaltaklagan yigitga nisbatan hukm o‘qidi.

Sudlanuvchi K.G. O‘zbekiston Respublikasi JKning 105-moddasi 2-qismining “g” bandi bilan aybli deb topildi.

Unga O‘zbekiston Respublikasi JKning 105-moddasi 2-qismining “g” bandi bilan 3 (uch) yil 6 (olti) oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni manzil tartibli koloniyalarda o‘tashlik belgilandi.

Sudya o‘z hukmini e’lon qilganidan so‘ng, erkakning advokati kelin tomondan mijozi uchun rahm-shafqat so‘ragan, ammo kelin uni kechirmagan.


Maqola muallifi

Teglar

jinoyat sud hukmi

Baholaganlar

198

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing