Umumta’lim muassasalari xususiy sektorga beriladi
Jamiyat
−
22 mart 2021
9328O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Navbatlilik koeffitsiyenti past bo‘lgan umumta’lim muassasalarini xususiy sektor vakillariga ishonchli boshqaruv asosida berish tartibini belgilash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Qaror bilan xalq ta’limi sohasida navbatlilik koeffitsiyenti past bo‘lgan umumta’lim muassasalarini ishonchli boshqaruvga berish munosabatlarini tartibga solish hamda tadbirkorlik sub’ektlarini yanada rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash maqsad qilingan.
Quyidagilar:
• Navbatlilik koeffitsiyenti past bo‘lgan umumta’lim muassasalarini xususiy sektor vakillariga ishonchli boshqaruv asosida berish tartibi to‘g‘risida nizom;
• Navbatlilik koeffitsiyenti past bo‘lgan umumta’lim muassasalarini xususiy sektor vakillariga ishonchli boshqaruv asosida berishda davlat byudjeti mablag‘laridan subsidiyalar ajratish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlanadi.
Moliya vazirligi navbatlilik koeffitsiyenti past bo‘lgan umumta’lim maktablarini ishonchli boshqaruvga olgan xususiy sektor vakillariga belgilangan tartibda byudjet subsidiyalari ajratilishini ta’minlaydi.
Belgilanishicha, xalq ta’lim muassasalari bino-inshootlari va yer uchastkalarini ta’lim sohasidan boshqa maqsadlarda yuridik va jismoniy shaxslarga berilishi qat’iyan taqiqlanadi.
Bunda, mazkur band talablari faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha foydalanilmayotgan, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan xalq ta’limi sohasida foydalanish maqsadga muvofiq emas deb topilgan bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlari hamda yer uchastkalariga tatbiq qilinmaydi.
Nizom Fuqarolik kodeksiga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq, Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Nukus shahri va viloyatlar markazlarida joylashgan navbatlilik koeffitsiyenti past, ya’ni umumta’lim muassasasi quvvatiga nisbatan to‘lganlik koeffitsiyenti 0,7 dan past bo‘lgan umumta’lim muassasalarini ishonchli boshqaruv asosida xususiy sektor vakillariga berish tartibini belgilaydi.
Umumta’lim muassasalarini xususiy sektor vakillariga ishonchli boshqaruvga berish Xalq ta’limi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Ishonchli boshqaruv asosida topshirilayotgan umumta’lim muassasalarini saqlash uchun, jumladan, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, kommunal to‘lovlari va boshqa zarur xarajatlar moliyalashtirilishi qaror ilovasi bilan tasdiqlangan “Navbatlilik koeffitsiyenti past bo‘lgan umumta’lim muassasalarini xususiy sektor vakillariga ishonchli boshqaruv asosida berishda davlat byudjeti mablag‘laridan subsidiyalar ajratish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
Ishonchli boshqaruv asosida umumta’lim muassasalarini boshqaruvga olgan yuridik shaxslar (ishonchli boshqaruvchi) ishonchli boshqaruv to‘g‘risidagi bitimda nazarda tutilmagan faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi qat’iyan taqiqlanadi.
Umumta’lim muassasalarini ishonchli boshqaruvga berish nizom ilovasida keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
Umumta’lim muassasalarini ishonchli boshqaruvga berishda vazirlik o‘z sayti va ijtimoiy sahifalarida quyidagilarni o‘z ichiga oluvchi e’lon joylashtiradi:
• ishonchli boshqaruvga beriladigan umumta’lim muassasalari ro‘yxati;
• umumta’lim muassasalarini ishonchli boshqaruvga berish shartlari;
• umumta’lim muassasalarini ishonchli boshqaruvga olish istagida bo‘lgan talabgorlar tomonidan vazirlikka taqdim etilishi kerak bo‘lgan hujjatlar ro‘yxati.
E’lon vazirlik saytida joylashtirilgan kundan boshlab 30 kalendar kuni mobaynida turadi.
Talabgorlar vazirlik tomonidan joylashtirilgan e’longa muvofiq umumta’lim muassasasini ishonchli boshqaruvga olish yuzasidan loyiha taklifini (e’londa ko‘rsatilgan hujjatlar bilan birgalikda) vazirlikka ko‘rib chiqish uchun taqdim etadi.
Talabgorlar tomonidan taqdim etilgan loyiha takliflari to‘liqligi va to‘g‘riligiga talabgorlar shaxsan javobgar hisoblanadi.
Talabgorlar tomonidan taqdim etilgan loyiha takliflariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar davomida amalga oshirilishi mumkin.
LiveBarchasi