Umrni uzaytirishning oddiy yo‘li: olimlar tavsiya qilgan 5 ta jismoniy harakat
Salomatlik
−
18 may 7299 3 daqiqa
Yangi ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, kun davomida atigi 5 daqiqa jismoniy faollik erta o‘lim xavfini kamaytirishi mumkin. Bu faollik tez yurish, zinalardan chiqish yoki velosiped haydash kabi oddiy harakatlarni o‘z ichiga oladi. Bu haqdagi tadqiqot BBCda e’lon qilindi.
Tadqiqotlar Buyuk Britaniya, AQSH va Skandinaviya davlatlaridan 150 mingdan ortiq ma’lumotlar asosida tahlil qilingan. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, kun davomida hatto juda qisqa daqiqali harakatlar ham yurak-qon tomir kasalliklari va erta o‘lim xavfini kamaytirishga yordam beradi.
“Kuniga atigi 5 daqiqa ko‘proq harakat qilish har bir odam uchun kichik ko‘rinadi, lekin agar ko‘pchilik shunday qilsa, bu butun jamiyat sog‘lig‘ini sezilarli darajada yaxshilaydi”, deydi Norvegiya sport maktabi professori Ulf Eklund.
Tadqiqotchilarning kuzatuvlariga ko‘ra, eng katta foyda aynan juda kam harakat qiladigan odamlarda kuzatiladi. Ya’ni, kun davomida ko‘proq o‘tiradigan va sport bilan shug‘ullanmaydigan insonlar uchun hatto 5 daqiqa harakat ham sezilarli natija ko‘rsatishi mumkin.
Qisqa jismoniy faollik paytida organizmda nimalar sodir bo‘ladi?
Mutaxassislar qisqa jismoniy faollik ham tanada bir nechta muhim jarayonlarni ishga tushirishini ta’kidlaydi. Harakat paytida yurak urishi tezlashadi, qon aylanishi yaxshilanadi va mushaklar faollashadi. Bu esa metabolizmni biroz bo‘lsa-da tezlashtiradi va organizmning umumiy ishlash samaradorligini oshiradi.
“Jismoniy faollik mushak kuchi, suyak mustahkamligi va umumiy jismoniy funksiyani saqlab qolishda muhim rol o‘ynaydi. Bu omillar esa uzoq umr ko‘rish bilan bevosita bog‘liq”, deydi AQSHdagi Rod-Aylend universiteti mutaxassisi Nikol Logan.
So‘nggi yillarda olimlar “exercise snacks” deb ataladigan yondashuvni ham o‘rganmoqda. Bu kun davomida qisqa, lekin tez-tez bajariladigan kichik harakatlar yig‘indisi. Masalan, 1-2 daqiqa tez zinalarga chiqish va tushish, 3-5 daqiqa tez yurish, uy yumushlarini tezroq va faol bajarish, qisqa raqs yoki cho‘zilish mashqlari.
Tadqiqotlarga ko‘ra, bunday qisqa faolliklar yurak-qon tomir tizimini “uyg‘otadi” va mushaklarning chidamliligini oshiradi. Eng muhim jihati shundaki, odamlar bunday mashqlarni bajarishni oson deb qabul qiladi va davom ettirish ehtimoli yuqori bo‘ladi.
“Biz ko‘pincha harakatni katta o‘zgarish deb o‘ylaymiz, lekin aslida kichik odatlar eng barqaror natijani beradi. Ular asta-sekin hayot tarziga aylanadi”, deydi Lafboro universiteti professori Amanda Deyli.
Harakatsizlikni kamaytirish ham muhim. Olimlar faqat mashq qilish emas, balki uzoq vaqt o‘tirishni kamaytirish ham muhim ekanini ta’kidlaydi. Kun davomida o‘tirish vaqtini 30 daqiqaga qisqartirish sog‘liq uchun ijobiy natija berishi mumkin.
Masalan, mashinani manzildan biroz uzoqroqqa qo‘yib yurish, lift o‘rniga zinalardan foydalanish yoki ish orasida qisqa yurishlar qilish ham organizm uchun foydali hisoblanadi.
Sog‘lom hayot uchun har kuni soatlab sport bilan shug‘ullanish shart emas. Eng muhimi harakatsiz turmush tarzini kamaytirish va kun davomida kichik bo‘lsa ham muntazam harakat qilish. Hatto 5 daqiqalik faollik ham vaqt o‘tishi bilan yurak, miya va umumiy sog‘liq uchun sezilarli foyda beradi.
Live
Barchasi