Aqlni charxlash uchun mutaxassisdan 6 maslahat

Salomatlik

image

Odam miyasi asab tizimining boshqaruv organi hisoblanadi. Uning butun imkoniyatlari to‘liqligicha hali insoniyatga ma’lum emas. U xuddi koinot singari sir-sinoatga to‘la. Shunday bo‘lsa-da, aqlni charxlovchi mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanish va foydali oziq moddalarni iste’mol qilish orqali miyaning fundamental qobiliyatlaridan maksimal foydalanish mumkin. Quyida mashhur amerikalik olim, nevrolog Devid Perlmutterning bu boradagi maslahatlari bilan tanishing.

Ko‘ngilochar mashg‘ulotlarning miyaga foydasi haqida

Vaqtichog‘lik va zavq – miya faoliyati uchun foydali. Birinchidan, bu stressni yengillashtiradi va umuman olganda butun tanaga bo‘ladigan salbiy ta’sirni kamaytiradi. Ikkinchidan, yangi ko‘nikmalarni rivojlantirish hamda o‘rganishni talab qiladigan bunday mashg‘ulotlar miyada yangi neyronlarning(neyron – nerv hujayrasi bo‘lib, asab tizimining asosiy birligi – tahr.) shakllanishiga yordam beradi. Bu esa miyani yoshartiradi. Agar inson muntazam ravishda qiziqarli mashg‘ulotlar uchun vaqt topsa, qarilikning salbiy jihatlaridan kamroq azob chekadi.

“Agar siz butun vaqtingizni faqat ish va jiddiy narsalarga sarflasangiz, demak miyangizni muhim va foydali tajribalardan mahrum qilayotgan bo‘lasiz”, deydi ekspert.

Mutolaaning davolovchi xususiyati haqida

Ilmiy haqiqat: insonning kun tartibida maroqli mashg‘ulot va hobbining yo‘qligi turli xil kasalliklar bilan og‘rish xavfini oshiradi. Masalan, kitob o‘qish nafaqat zavq va kundalik hayot tashvishlaridan chalg‘ishga, balki ruh va tanani tiklashga, kuch olishga yordam beradi. O‘qish, shuningdek, miyaning passiv joylarini faollashishga undaydi.

Tanadagi ortiqcha vazn fikrlashga xalaqit qiladi

Ortiqcha vazn xotira va eslash qobilyatida muammolarga olib kelish bilan birgalikda, miyaning erta qarishini keltirib chiqaradi. Undan tashqari, semirib ketish yallig‘lanishni kuchaytiradi, bu esa miya hujayralarining sonini kamayishiga sabab bo‘ladi. Boshqacha qilib aytganda:

“Agar bizda ortiqcha vazn bo‘lsa, unda o‘ylash, o‘rganish va ishlash ancha qiyinroq bo‘ladi. Shuning uchun ovqatlanish tartibingizni o‘zgartirganingiz ma’qul”, deydi nevrolog Devid Perlmutter.

Miyani oziqlantiruvchi moddalar

“Miyaning faoliyati uchun muhim bo‘lgan tuxum, B va Ye vitaminlariga boy oziq-ovqat mahsulotlarini sotib oling. Yoz hali tugamagan bo‘lsa, malina, qulupnay va qorag‘at kabi reza mevalar iste’mol qilish imkoniyatidan ko‘proq foydalaning”, deb yozadi Devid Perlmutter.

Shifokor Devidning ma’lum qilishicha, olimlar reza mevalar bilan qari sichqonni bir muddat boqqanidan so‘ng, o‘sha sichqon yosh sichqonlarnikidan kam bo‘lmagan harakatlarni amalga oshirgan.

O‘rganishlar shuni ko‘rsatganki, reza mevalar miyadagi mayda qon tomirlarning faoliyatiga va qon aylanishining yaxshilanishiga yordam beradi.

Miya uchun mashqlar

Jismoniy mashqlarsiz, mushaklar muqarrar ravishda zaiflashadi. Xuddi shu narsa miya bilan ham sodir bo‘ladi. Agar odam ma’lumotni yodda tutishga, avvalgidek diqqatni jamlashga qiynalsa, demak miya hujayralarida mashqlarga ehtiyoj bor.

Shunday xotira mashqini bajarib ko‘ring: Har qanday bir rasmni oling va undagi ob’ektlarga bir daqiqa qarab turing. Shundan so‘ng, rasmni yoping va undagi ob’ektlarni alfavit ketma-ketligida yozishga harakat qiling.

Shirinlikdan tiyiling

Tarkibida shakar mavjud bo‘lgan taomlar qonda qand miqdorini oshiradi. Bu esa miya hujayralariga zarar yetkazish bilan birgalikda xotira bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqaradi. Shu ma’noda tabiiyroq deb hisoblanadigan jigarrang shakar yoki tabiiy asalning ham oddiy, oq rangdagi shakardan kam joyi yo‘q. Ular ham zararli.

“Imkon qadar shakar iste’mol qilishni cheklashga harakat qiling. Aks holda, siz “xotirasiz shirinlikxo‘r”ga aylanib qolasiz”, deydi amerikalik ekspert.


Maqola muallifi

Teglar

salomatlik miya yaql sog'liq mashq

Baholaganlar

267

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing