Britaniyalik ayolning miyasidan piton tanasida yashaydigan qurt topildi
Salomatlik
−
29 avgust 2023
11917Kanberra kasalxonasining yuqumli kasalliklar shifokori doktor Sanjaya Senanayake Buyuk Britaniyada yashovchi 64 yoshli bemorning miyasida 8 santimetrli qurt borligini aniqladi. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, bu turdagi qurtlar shu kunga qadar faqatgina hayvonlarda topilgan. Piton iloni esa ushbu parazit uchun asosiy “uy” hisoblanadi.
Bemor birinchi marta 2021 yil yanvar oyi oxirida uch haftalik qorin og‘rig‘i va diareya, so‘ngra doimiy quruq yo‘tal, isitma va tunda terlashdan aziyat chekayotgani sabab, mahalliy shifoxonaga yotqizilgan. 2022 yilga kelib, uning alomatlari unutuvchanlik va depressiyani ham o‘z ichiga olgan va Kanberra kasalxonasiga yuborilgan. MRT tekshiruvi natijalari esa shifokorlarni hayratda qoldirdi.
“Neyroxirurg, albatta, u yerda jingalak qurt topaman, deb o‘ylamagan. Ular muntazam ravishda miyadagi infeksiyalar bilan shug‘ullanishadi, ammo bu bir marta duch kelingan topilma edi. Hech kim buni topishni kutmagandi”, dedi Senanayake.
Shundan so‘ng, shifokorlar nevrologik bosim va kasalliklarga olib kelishi mumkin bo‘lgan yumaloq qurtlarning barcha turlarini o‘rganib chiqdi. Ammo izlanishlar samarasiz ketdi va ular yordam uchun tashqi mutaxassislarga murojaat qildi. Oxir oqibat, bu Ophidascaris robertsi – odatda pitonlarda uchraydigan yumaloq qurt ekanligi ma’lum bo‘lgan.
Gap shundaki, bemor ayol pitonlar ko‘p hududda yashaydi va o‘t-o‘lanlar yig‘ish bilan shug‘ullanadi. Shifokorlarning fikricha, ushbu qurt odam miyasiga shu o‘tlarni iste’mol qilish yoki o‘tlarni ushlagandan so‘ng, idish tovoqlarga tegish natijasida kirib qolgan.
Neyroxirurg doktor Xari Priya Bandi bemordan ushbu dumaloq qurtni olib tashladi. Hozir esa ayol boshqa a’zolarida parazitlar bor yoki yo‘qligini tekshirtirmoqda.
Ma’lumot uchun, odamlarda paydo bo‘ladigan yuqumli kasalliklarning to‘rtdan uch qismi hayvonlardan yuqadi. So‘nggi 30 yil ichida dunyoda 30 ga yaqin yangi infeksiyalar qayd etilgan. Ularning taxminan 75 foizi zoonozdir, ya’ni hayvonot dunyosidan insonlarga ko‘chgan. Bunga koronavirus ham misol.
Eslatib o‘tamiz, AQSHda 17 yoshli Megan ismli qiz suzish uchun ko‘lga borgan va 9 kundan keyin vafot etgan. Bunga esa o‘ta xavfli bakteriya sabab bo‘lgani aytilmoqda.
LiveBarchasi