Umraga noqonuniy yo‘llar bilan ketgan 47 o‘zbekistonlik 10 yilga “deport” qilindi

3-sahifa

image

Qalbaki pasport va turli noqonuniy yo‘llardan foydalangan holda Umra ziyoratini ado etmoqchi bo‘lgan kamida 87 nafar O‘zbekiston fuqarolari muborak ziyoratdan qolib ketdilar. Ularning 47 nafariga Saudiya Arabistoni Podshohligi tomonidan mamlakatga kirishga 10 yillik taqiq qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari I.X.I., A.M.A., U.X.J., Tojikiston Respublikasi fuqarosi Siratulloi Mansurullo hamda bir nechta Qirg‘iziston Respublikasi fuqarolaridan tarkib topgan uyushgan jinoiy guruh a’zolari o‘zaro olindan til biriktirishgan. Ular Saudiya Arabistoni Podshohligi tomonidan Qozog‘iston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi fuqarolariga soddalashtirilgan kirish rejimi (elektron viza) qo‘llanilganidan foydalanib, “Umra” ziyoratiga borishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolariga muayyan haq evaziga Qozog‘iston va Rossiya soxta fuqarolik pasportlarini tayyorlab, muntazam ravishda O‘zbekiston fuqarolarini noqonuniy yo‘llar orqali “Umra” ziyoratiga yuborish bilan shug‘ullanib kelgan.

Jumladan, Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan joriy yilning 1 yanvar kuni “Toshkent xalqaro aeroporti” orqali “Toshkent-Al-Quvayt” yo‘nalishida Qozog‘iston Respublikasining qalbaki pasportlari bilan 40 nafar O‘zbekiston fuqarolarini “Umra” ziyoratiga ketishi rejalashtirilganligi aniqlanib, ulardan qalbaki pasportlar olib qo‘yilgan.

Bundan tashqari, joriy yilning 6 fevral kuni Saudiya Arabistoni Podshohligiga “Umra” ziyorati uchun otlangan 47 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Birlashgan Arab Amirliklari orqali Saudiya Arabistoniga chiqib ketayotganda, soxta pasportlar bilan ushlanib, O‘zbekistonga “deport” qilingan. 

DXXdan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ziyoratni maqsad qilgan shaxslarning ezgu niyatlaridan g‘arazli maqsadlarda foydalangan jinoiy guruh a’zolariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq choralar ko‘rilmoqda.

Qalbaki pasportlar bilan ushlangan fuqarolarga Saudiya Arabistoni Podshohligi tomonidan 10 yil muddatga ushbu mamlakatga kirish taqiqi qo‘yilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Umra ziyorati

Baholaganlar

363

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing