Umraga ketgan birinchi guruh O‘zbekistonga qaytib keldi

Jamiyat

image

Joriy yilning 14 noyabr kuni Umra safariga jo‘nab ketgan ziyoratchilarning 230 kishidan iborat ilk guruhi O‘zbekistonga qaytib keldi. Bu haqda Din ishlar bo‘yicha qo‘mita xabar bermoqda. 

Toshkent-Jidda-Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab Saudiya Arabistoniga Umra ibodatini ado etish uchun jo‘nab ketgan ziyoratchilar bugun Toshkentga sog‘-omon yetib keldilar.

Ular uchun Madina va Makka shaharlarida barcha qulay shart-sharoitlar yaratildi. Ularga Madina shahrida Masjidi Nabaviyga yaqin joyda joylashgan 5 yulduzli “Pulman zam-zam” mehmonxonasi va Makka shahrida esa “Haram masjidi”dan 600-700 metr uzoqlikda joylashgan “Abroj al-Kisva” mehmonxonalari xizmat ko‘rsatdi. Bu esa o‘zbekistonlik ziyoratchilarga besh vaqt namozlarini Harami sharifda ado etish imkoniyatini yaratgan. Shuningdek, har ikki mehmonxonalarda ziyoratchilar uchun o‘zbek milliy taomlari (suyuq va quyuq), sarhil mevalar, turli ichimliklar va shirinliklar muntazam ravishda tortiq qilindi.

Mehmonxonalarda zarur dori-darmon va jihozlar bilan ta’minlangan tibbiyot punktlari 24 soat davomida ziyoratchilarimiz sog‘liqlarini nazorat qilish hamda birinchi tez tibbiy yordam berish maqsadida faoliyat ko‘rsatdi.

Ziyoratchilarni Saudiya Arabistoni Podshohligida kutib olish, kuzatish va ularga qulay shart-sharoitlar yaratish ishlari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimlaridan tashkil topgan ishchi guruhi hamda O‘zbekiston Respublikasining Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi “Haj” va “Umra” masalalari bo‘yicha attashesi hamkorligida tashkil etildi.


Maqola muallifi

Teglar

Umra ziyorati

Baholaganlar

59

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing