Umra ziyoratiga borishga vaqtinchalik cheklov e’lon qilindi
Jamiyat
−
20 fevral 7633 2 daqiqa
Saudiya Arabistoni 2026 yilgi Haj mavsumi oldidan Umra ziyoratiga oid muhim cheklov va muddatlarni e’lon qildi. Bu haqda “BookMyUmrahTrip” xabar berdi.
Yangi tartibga ko‘ra, Umra amallarini bajarish uchun so‘nggi sana 2026 yil 18 aprel etib belgilangan.
Har yili Makka va Madina shaharlariga millionlab ziyoratchilar tashrif buyuradi. Ammo, Haj mavsumi yaqinlashgan sari Saudiya hukumati muqaddas shaharlarni katta hajmdagi ziyoratchilarni qabul qilishga tayyorlash maqsadida Umra vizalarini vaqtincha to‘xtatadi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Umra vizasiga ariza berishning so‘nggi kuni joriy yil 19 mart, Saudiya Arabistoniga kirishning so‘nggi kuni 2 aprel, mamlakatni tark etishning so‘nggi kuni esa 18 aprel etib belgilangan.
Mutaxassislarning bildirishicha, Umra ziyoratining to‘xtatilishi logistika va xavfsizlik nuqtai nazaridan zarur. Haj paytida ikki milliondan ortiq ziyoratchi mamlakatga kirishi kutilmoqda. Shu bois xavfsizlik choralari kuchaytiriladi, tibbiy xizmatlar kengaytiriladi hamda mehmonxonalar va transport tizimi Haj ziyoratchilari uchun qayta tashkil etiladi. Bu tartib muqaddas masjidlarda ortiqcha tirbandlikning oldini olishga ham xizmat qiladi.
Cheklovlar Haj oldidan Umra rejalashtirgan ziyoratchilar, xalqaro sayohat agentliklari, Makka va Madinadagi mehmonxona va transport sohasi vakillari hamda mahalliy fuqarolar va xorijiy rezidentlarga ta’sir ko‘rsatadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Haj mavsumi yakunlangach, taxminan 2026 yil 11 iyun atrofida Umra qayta yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda Haj va Umraga borish uchun endi yagona portal orqali ro‘yxatdan o‘tish majburiy etib belgilangani haqida xabar berilgan edi.