Umra ziyorati qisman sayyohlik firmalariga berilishi e’lon qilindi
Jamiyat
−
20 mart 2022
6916Umra safarini sayyohlik firmalari orqali ham qisman tashkil etish masalasi ko‘rib chiqilyapti. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Shuningdek, qayd etilishicha, Saudiya Arabistonida COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq o‘rnatilgan karantin talablari asta-sekin yumshatilib, Saudiya hukumati tomonidan barcha davlatlar, xususan, Turkiya, Malayziya, Indoneziya, Eron va Misr kabi yirik musulmon mamlakatlariga Umra ziyoratini tashkil etishga ruxsat berildi.
Bu esa, o‘z navbatida, mehmonxona va boshqa turdagi servislarga talab oshishiga, xususan, Ramazon oyida tashkil etiladigan Umra tadbirlarining narx-navosiga ta’sir ko‘rsatishiga sabab bo‘lishi haqida ham ma’lumot berilgan edi.
“O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan hamkor shirkat vakillari bilan Ramazon oyida tashkil etiladigan Umra ziyorati yuzasidan muzokaralar olib borildi va belgilanadigan narx bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishildi. Ta’kidlash zarurki, Ramazon oyida Saudiya Arabistonidagi mavjud sharoitdan kelib chiqib, xizmat ko‘rsatish narxlari oshayotgan bo‘lsa-da, sa’y-harakatlar natijasida Shavvol oyida (Ramazon oyidan keyin) Umra mavsumining oxirigacha ziyoratchilarning safar xarajatlari uchun amaldagi mavjud qiymat saqlab qolinadi. Yana bir muhim masala, yurtdoshlarimizning Umra ziyoratiga bo‘lgan talab va istaklarini inobatga olib, Umra safarini sayyohlik firmalari orqali ham qisman tashkil etish masalasi ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilamiz”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 17 mart holatiga 21 mingdan ortiq ziyoratchi Saudiya Arabistoniga jo‘natilib, ulardan 16 ming nafardan ziyodrog‘i Umra amallarini to‘liq ado etib, O‘zbekistonga qaytib kelgan. Hozirda 5 ming 600 nafarga yaqin ziyoratchi Saudiya Arabistonida Umra ziyoratlarini amalga oshirmoqda.
LiveBarchasi