Umrani noqonuniy tashkillashtirgan 19 ta turfirma jarimaga tortildi
Jamiyat
−
19 mart
3342Umra litsenziyasiga ega bo‘lmasdan, ushbu xizmatni ko‘rsatayotgan 31 ta sayyohlik firmasi mas’ullariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ma’lum qildi.
Bildirilishicha, so‘nggi ikki oyda Haj va Umra ziyoratini qonunga xilof ravishda tashkil etishning oldini olish maqsadida o‘tkazilgan tekshiruvlarga ko‘ra, Umra litsenziyasiga ega bo‘lmasdan, ushbu xizmatni ko‘rsatayotgan 31 ta sayyohlik firmasi mas’ullariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun talablari asosida Umra faoliyatini litsenziyasiz amalga oshirgan 24 ta turfirmada tekshiruv o‘tkazilgan hamda ularning 19 tasiga 75 mln so‘mdan jarimalar qo‘llanilgan. shundan 5 tasi “Reklama to‘g‘risida”gi qonunchilikka asosan Raqobat qo‘mitasiga va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga qonuniy ko‘rib chiqish uchun yuborilgan.
Qonunchilikka ko‘ra, Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid xizmatlarni litsenziyaga ega bo‘lmagan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ko‘rsatish taqiqlangan. Shuningdek, fuqarolarni Umra amallarini bajarish uchun Saudiya Arabistoni podshohligiga umra vizasiz yuborish taqiqlanadi.
“Shunday ekan, hurmatli yurtdoshlar! Umra safariga borishdan oldin har qanday “turfirma”ning Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan taqdim etilgan Umra litsenziyasi mavjudligini surishtirib olishingizni tavsiya qilamiz! Noqonuniy “turfirma” yoki “turagent”lardan ogoh bo‘ling! Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ziyoratchilarimizni Umra amallarini munosib va xavfsiz bajarishlari uchun ogoh bo‘lishlari va keyinchalik turli ko‘ngilsiz holatlarga tushib qolmasliklari maqsadida ishonchli va kafolatlangan xizmatlardan foydalanishlarini tavsiya etadi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyundagi Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 364-son qaroriga asosan Haj tadbiri O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi va Saudiya Arabistoni podshohligi Haj va umra vazirligi o‘rtasida har yili imzolanadigan shartnoma asosida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshiriladi hamda bunday faoliyat bilan boshqa tashkilotlarning shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, Umra tadbirlari Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 12 oktyabrdagi Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish to‘g‘risida"gi 668-son qarori asosida amalga oshiriladi.
Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Haj-umra markazi hamda 12 ta tadbirkorlik sub’ektlari vakolatli hisoblanadi.
LiveBarchasi