Umra mavsumi boshlandi
Jamiyat
−
14 noyabr 2019
7404Bugun 14 noyabr kuni o‘zbekistonlik ziyoratchilarning 230 nafardan iborat dastlabki (5 nafar ishchi guruhi, 1 nafar shifokor) guruhi Saudiya Arabistoni Podshohligiga Umra amallarini bajarish uchun Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportidan kuzatib yuborildi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Umra mavsumini namunali tashkil etish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni asosida tuzilgan “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi qarorlari asosida amalga oshirilmoqda.
Joriy yil davomida haftada yetti marta amalga oshirilishi belgilangan bo‘lib, ziyoratchilar Madina shahrida 3 kun, Makkada esa 7 kun bo‘ladilar. Ziyoratchilarga mavsum davomida o‘zbekistonlik tajribali ishchi guruhi va imom-xatiblardan iborat guruh rahbarlari (ellikboshi) hamda malakali shifokorlar xizmat ko‘rsatadi.
O‘zbekistonlik ziyoratchilar istiqomat qilishlari uchun Madina shahrida “Masjidi Nabaviy” bilan chegaradosh bo‘lgan “Pulman zam-zam”, Makka shahrida esa “Xaram masjidi”dan 600-700 metr uzoqlikda joylashgan “Abroj al-Kisva” mehmonxonalari xizmat ko‘rsatadi.
Mehmonxonalar 4-5 yulduzli bo‘lib, ziyoratchilar hordiq chiqarishlari va ibodatlarni emin-erkin bajarishlari uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan.
O‘zbekistonlik ziyoratchilar Madina shahrida 3 kecha - 4 kunduz bo‘lib, bu yerdagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qilganlaridan so‘ng Makka shahriga yo‘l oladilar.
Madina va Makka shaharlaridagi mehmonxonalarda ziyoratchilar uchun o‘zbek milliy taomlari (suyuq va quyuq), sarhil mevalar, turli ichimliklar va shirinliklar tortiq qilinadi.
Mehmonxonalarda zarur dori-darmon va jihozlar bilan ta’minlangan tibbiyot punktlari 24 soat davomida ziyoratchilarimiz sog‘liqlarini nazorat qilish hamda birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida faoliyat yuritadi.
Ziyoratchilar Madina va Makka shaharlaridagi barcha Umra amallarni bajarib bo‘lganlaridan so‘ng O‘zbekistonga qaytib keladilar.
LiveBarchasi