Umra xarajatlari nega oshdi? Musulmonlar idorasi tafsilotlarni ochiqladi

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekiston fuqarolari uchun Umra ziyorati tiklanayotgani, dastlab pandemiyadan avval pul to‘laganlar jo‘natilishi haqida xabar bergan edik. Biroq endi ular qo‘shimcha 4 770 000 so‘m pul to‘lashi kerakligini aytilgandi.

Qo‘shimcha pul to‘lash masalasi ijtimoiy tarmoqlarda keskin muhokamalarga sabab bo‘lishi ortidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi rasmiy izoh berdi.

O‘MIning ta’kidlashicha, koronavirus pandemiyasi Umra xizmatlari ko‘rsatishga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Avval qayd etilganidek, mehmonxonada 4 kishilik xonaga 2 nafar ziyoratchi, 50 o‘rindiqli avtobusga 25 kishi joylashtirish kabi talablar o‘rnatildi.

“Har bir fuqaroning safarga chiqqandan to ona-Vatanga qaytib kelgunga qadar epidemiologik me’yorlarga javob beradigan tashkiliy va tibbiy xizmatlar yo‘lga qo‘yildi. Masalan, oziq-ovqat mahsulotlari maxsus qadoqlangan holda tarqatiladi, tibbiy xizmat ko‘rsatishda qo‘shimcha shifokorlar va maxsus dori-darmonlar bilan ta’minlanadi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishda ikki yil avvalgi holatga nisbatan narx-navo ko‘tarildi. Buning ustiga qirollikda 15 foiz qo‘shimcha qiymat solig‘i ham joriy etildi.

“Tabarruk zaminda ziyoratchi har bir daqiqasini g‘animat bilib, faqat toatu ibodatga sarflashi uchun Makka va Madina shaharlarida Ikki Haramga yaqin bo‘lgan mehmonxonalar buyurtma qilindi. Masjidi Nabaviyga yaqin bo‘lgan 5 yulduzli “Pulman zam-zam” va Baytulloh atrofidagi “Jabal Umar” hududida joylashgan 5 yulduzli mehmonxona olindi. Ta’kidlanishicha, oldingi yillarda ziyoratchilar Makka shahrida Haram masjididan chamasi 1,2 km bo‘lgan mehmonxonada istiqomat qilishgan”, deyiladi rasmiy izohda.

O‘MIga ko‘ra, bu ziyoratchilarga besh mahal namozni Harami shariflarda ado etish, duoyu iltijolar bilan band bo‘lishda yengillik beradi. Yo‘l, taomlanish va boshqalar uchun ketadigan vaqtni tejaydi. Shuningdek, mehmonxonalarda tibbiyot va ishchi guruhlari xizmat ko‘rsatadi.

“O‘zbekiston Saudiyada Umra safarini tashkil qilish bo‘yicha bir necha shirkat imkoniyatlarini o‘rganganini avval ham xabar qilgan edik. Bunda Saudiya haj va Umra vazirligi talabiga asosan Umrani tashkil etish bo‘yicha litsenziyaga ega bo‘lgan shirkatlar bo‘lishiga e’tibor qaratildi. Shu kunlarda, ijtimoiy tarmoqlarda muqobil taklif bilan chiqayotgan ba’zi shirkatlar Umra xizmatini ko‘rsatish uchun yangilangan ruxsatnomaga ega emasligini bildirish bilan kifoyalanamiz.

Oldingi uzoq yillik hamkor shirkat ham pandemiyadan keyin litsenziya ololmagani uchun boshqa, imkoniyati kengroq “Abu Sarhad” shirkati bilan shartnoma imzolanganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.

Qo‘shimcha to‘lovlar yuzasidan yana bir jihat. Har bir Haj yoki Umra mavsumi to‘lovlari uchun alohida hisob raqam ochiladi va sarf-xarajatlar amalga oshiriladi. Mablag‘lar bankdagi maxsus hisob raqamda saqlanadi. Mablag‘lardan muborak safarga tegishli yo‘nalishlardan boshqa maqsadda foydalanishga imkoniyat mavjud emas. 2020 yil fevral oyiga qadar Umra uchun to‘lov amalga oshirgan, pandemiya sabab borish istagidan qaytgan fuqarolarning murojaatiga asosan to‘lovlari qaytarib berildi. Qolgan fuqarolarning mablag‘lari o‘z ixtiyorlariga ko‘ra, Umra hisob raqamida saqlanmoqda”, deya ta’kidlagan Musulmonlar idorasi.


Maqola muallifi

Teglar

Umra

Baholaganlar

299

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing